18-20 dekabr kunlari «Yoshlar ijod saroyi»da O`zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi «Yoshlar–kelajagimiz» jamg`armasining «Yosh tadbirkorlar» forumi bo`lib o`tdi. Unda «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi doirasida imtiyozli kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`ygan 100 nafardan ortiq yosh tadbirkorlar o`z mahsulotlari ko`rgazmasi bilan ishtirok etmoqda. Ko`rgazmada ishtirokchilar hunarmandchilik, qishloq xo`jaligi va xizmat ko`rsatishning turli yo`nalishlaridagi mahsulotlarini forum qatnashchilariga namoyish etdi. Forumda xorijlik ishbilarmonlar ham o`z mahsulotlarini ko`rgazma qildi.
Forumga 22 yoshli Javohir Muhammadjonov “Yoshlar–kelajagimiz jamg`armasidan eng kam 7 foiz bilan 150 mln. so`m kredit olib, Farg`ona viloyati, Rishton tumanida biznes loyihasini amalga oshirdi. Chinni idishlari ishlab chiqaruvchi korxonada 5 ta ishchi o`rni yaratdi. Xitoy bilan shartnoma asosida dastgoh olib kelib, kuniga 6 xil turda 6 ming dona chinni idishlari ishlab chiqaryapti.
Dastlabki kun «Yoshlar ijod saroyi»da «Yosh tadbirkorlar» forumining ochilish marosimi o`tkazildi. Tadbirda xitoylik tajribali tadbirkorlar va O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi – Qahramon Quranboev, O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi – Adham Ikramov, «Yoshlar–kelajagimiz» jamg`armasining ijrochi direktori – Bunyodbek Baxrombekovlar ishtirok etib, unda «Yoshlar–kelajagimiz» Davlat dasturining ijrosi hamda «Yoshlar – kelajagimiz» jamg`armasi tomonidan yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Shuningdek, Kichik biznes uchun Xitoyning Shinjon mahsulotlari va uskunalari ko`rgazmasida ham Xitoyning 30 dan ziyod yirik ishlab chiqaruvchilari tomonidan yaratilgan uskuna va texnologiyalar namoyish etildi.
— «Yoshlar–kelajagimiz» jamg`armasidan 68 mln. so`m kredit olib, Termiz shahrida qishki sho`balar ishlab chiqaruvchi tikuv sexini barpo etdik. Ish jarayonida dastlab, Buxorodan Qorako`l qo`ylarining qorin va oyoq terilarini keltirib, avval andoza olamiz, so`ngra bichib, tikuvga tayyorlaymiz. Mahsulotimizning sifati ishlatilayotgan teriga bog`liq. Biz faoliyatimizda faqat asl teridan foydalanamiz. Asl teri sun`iysidan qalinligi, yungi to`kilmasligi bilan farqlanadi. Hozirda tikuv sexiga 3 nafar yoshlarni ishga qabul qilganman, – deydi forum qatnashchisi Fotima Annaeva.
Tadbirlar davomida «Yoshlar–kelajagimiz» Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar to`g`risida keng jamoatchilik xabardor qilinib, ko`rgazmadagi mahsulotlarni mahalliy bozorlarda realizasiya qilinishiga ko`maklashildi. Mazkur amaliy ishlar yoshlar tadbirkorligini kompleks rivojlantirishga xizmat qiladi.
—2016 yili Buxoroda xalqaro hamkorlik aloqalarining yangi sahifalari ochilgan edi, – deydi O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov. —Hozirga qadar tadbirkorlik bo`yicha xitoylik tadbirkorlar bilan ko`plab yirik loyihalar amalga oshirildi. Xitoyning bir qancha shaharlarida katta-katta ko`rgazmalarni o`tkazdik. O`zbekistonda Xitoylik tadbirkorlarning ko`rgazmasi bilan «Yosh tadbirkorlar» forumining birgalikda bo`layotgani ham bejizga emas. «Yoshlar– kelajagimiz» jamg`armasiga ajratilgan 770 mlrd. so`m mablag` ajratilishi va har bir oila tadbirkorga aylantirilishi boshqa davlatlarga ham o`rnak bo`ladi. Qolaversa, texnologiyalar bo`yicha tajriba maydoni yaratiladi.
Marosimda tadbirkorlik sohasini rivojlantirish bo`yicha olib borilgan islohotlarda «Yoshlar–kelajagimiz» jamg`armasi, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va mahalliy hokimliklarning ko`magi alohida e`tirof etildi. Bugungi kunga qadar, 2977 ta biznes loyihaga 370,3 mlrd. so`m miqdorida imtiyozli kredit mablag`lari ajratilishi orqali 18 830 ta yangi ish o`rni yaratilib, jami 31 320 nafar yoshlarning bandligi ta`minlanishi bilan yurtimizdagi ishsizlik muammosining bartaraf etilayotganligi qayd etildi. Forum doirasida bir qancha biznes shartnomalar imzolanishiga erishildi.
—Bugungi forumda Toshkent viloyati Oqqo`rg`on tumanidan o`z mahsulotlarimiz ko`rgazmasi bilan ishtirok etyapmiz. Hozirda «Yoshlar–kelajagimiz» jamg`armasidan 50 mln. so`m kredit olib, tikuv sexini ochganmiz. 2 ta uskuna va 3 nafar ishchi bilan faoliyat olib boryapmiz. Kelgusida Xitoy, Koreya, AQSh kabi bir qator yirik davlatlarga eksport qilishni maqsad qilganman, – deydi yosh tadbirkor Gulshoda Yo`ldosheva. —Asli hunarmandman. O`zbek milliy taqinchoqlarini yasayman. O`z navbatida zargarlik sohasida ham mehnat qilib kelyapman. Meni tadbirkorlik faoliyatiga undagan inson – ustozim bo`ladi. 2017 yil Shohida Sultonovadan hunarmandlik sir-asrorlarini o`rgandim. Hozirga qadar zebigardon, tilla qosh, zirak, uzuklar kabi milliy taqinchoqlarimizni zamonaviy ko`rinishdagi bezaklar bilan uyg`unlashtirgan holda xaridorlarga etkazib beryapman. Birgina zebigardonning yasalishi uchun 2 kun vaqt ajrataman.
20 dekabr kuni «Yosh tadbirkorlar» forumining yopilish marosimi o`tkazilib, unda qatnashgan xalqaro ishbilarmonlar va faol tadbirkorlar O`zbekiston yoshlar ittifoqining maxsus sertifikatlari bilan taqdirlanishdi.
Shahnoza Nurullaeva
foto: Rustam Nazarmatov






