Nukus shahrida Respublikadagi umumta`lim maktablari, akademik lisey va kasb-hunar kolejlari o`quvchilari, oliy ta`lim muassasalari talabalari hamda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ishtirokida marafon o`tkazildi.
3, 5 va 10 kilometr masofaga yugurish bo`yicha o`tkazilgan sport marafonida 600 nafardan ortiq o`quvchi-yoshlar va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Marafon natijasida maktab o`quvchilari o`rtasida 3000 metrga yugurish bo`yicha g`oliblikni Nukus ixtisoslashtirilgan olimpiya zahiralari maktab-internati o`quvchisi Sharopat Nazarova, lisey va kollej o`quvchilari o`rtasida 5000 metrga yugurishda Jahongir Rahimbaev, oliy ta`lim muassasalari o`rtasida Nukus Davlat pedagogika instituti talabasi Quatjan Abdimuratov birinchilikni qo`lga kiritdi.
Harbiy xizmatchilar va huquqni muxofaza qiluvchi organlar xodimlari o`rtasida faxrli birinchi o`rinni Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi harbiy xizmatchisi Sardor Yo`lchiev hamda Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Bobosher Mavlonov egalladi.

Marafon yakunlari bo`yicha barcha g`olib va sovrindorlar Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan diplom va qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, bugungi kunda yoshlarni o`z Vataniga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda milliy g`urur va iftihor tuyg`ularini shakllantirish masalasida Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi qo`mondonligi tashabbusi bilan Qoraqalpog`iston Respublikasining bir qator tumanlariga qarashli olis ovullarida istiqomat qiluvchi yoshlar uchun I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san`at muzeyiga ekskursiya uyushtirildi.
Ekskursiya davomida yoshlar jahonda o`z nufuzi va o`rniga ega bo`lgan muzeyning boy eksponatlari bilan tanishdi, qoraqalpoq elida ijod qilgan musavvirlarning ishlari, yurt tarixiga oid bilimlarini yanada oshirishdi.






