2018 yil 22 dekabr kuni Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasi hamda xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining qo`shma yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Tadbirda viloyatda joriy yilning o`n bir oyida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlarni o`rganish natijalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, viloyatdagi 1087ta mahallaning 838tasida yoki 77,1 foizida huquqbuzarliklar sodir etilishiga yo`l qo`yilib, ularning deyarli har to`rtinchisida jinoyatlar soni oshgan.
Bunga hududlardagi kriminogen vaziyat va jinoyatlar dinamikasi to`liq tahlil qilinmaganligi, etarli malaka, ish staji va tajribaga ega bo`lmagan profilaktika inspektorlarining tayinlanishi hamda kuch va vositalarning to`g`ri taqsimlanmaganligi omil bo`layotgani qayd etildi.
Hisobot davrida Samarqand viloyatidagi fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarining 7 nafar xodimi (5 nafar mahalla raisi, 2 nafar mas`ul kotib) tomonidan jinoyatlar sodir etilgani afsus bilan qayd etildi.
Yig`ilishda urg`u berilgan yana bir masala voyaga etmaganlar tomonidan huquqbuzarlik holatlarining sodir etilayotgani bo`ldi. Qayd etilganidek, bunday jinoyatlar soni Samarqand viloyatining Kattaqo`rg`on, Past Darg`om, Paxtachi, Narpay tumanlarida ortgan. O`smirlar jinoyatchiligining asosiy sabablari qatorida ular orasidagi profilaktika ishlarining talab darajasida yo`lga qo`yilmaganligi qayd etildi.
Tadbir yakunida Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish bo`yicha Respublika komissiyasi hamda xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining qo`shma qarori qabul qilindi.
Yig`ilishda Respublika komissiyasi raisi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi N.Yo`ldoshev ishtirok etdi.






