Mamlakatimiz jamoatchiligi og`ir judolikka uchradi. O`zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo`llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg`armasining taniqli vakili, savdo tizimi faxriysi, Ulug` Vatan urushi qatnashchisi Madaminjon Hasanovich Hasanov shu yil 22 dekabr kuni 94 yoshida vafot etdi.
M.Hasanov 1924 yil Andijon viloyatida tug`ilgan. Uning yoshligi Ikkinchi jahon urushi davriga to`g`ri kelib, 1942-1946 yillarda front maydonlaridagi og`ir janglarda mardona ishtirok etdi. Fashizmga qarshi kurashdagi jasorati uchun jangovar orden va medallar bilan taqdirlandi.
U urushdan so`ng Moskva oliy kooperativ markaziy maktabini tugatib, respublikamizning turli savdo tashkilotlarida xizmat qildi. Jumladan, 1956-1959 yillarda “O`zbektekstiltorg”ning Andijon viloyati bazasi direktori, 1959-1966 yillarda “O`zbekbirlashuv” boshqaruvining raisi bo`lib ishladi.
M.Hasanov 1966-1979 yillar mobaynida O`zbekiston savdo vaziri lavozimida samarali faoliyat olib bordi. Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ilmiy faoliyat bilan ham shug`ullandi. 1979-2004 yillarda “Sog`lomlashtirish markazi” ilmiy-tadqiqot muassasasiga rahbarlik qildi.
O`zining ko`p yillik mehnat faoliyati davomida M.Hasanov keng bilimi, katta hayotiy tajribasi va shaxsiy namunasi bilan respublikamizda savdo tizimini rivojlantirish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali kadrlar tayyorlash ishlarida jonbozlik ko`rsatdi.
U 2004 yilda nafaqaga chiqqanidan so`ng O`zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo`llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg`armasining faoli sifatida ko`plab ibratli ishlarni amalga oshirdi. Xususan, urush va mehnat faxriylarini har tomonlama qo`llab-quvvatlash, yoshlarimizni ona Vatanga, xalqimizga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, bu borada keksa avlod vakillarining faol ishtirokini ta`minlashda o`zining tashkilotchilik, tashabbuskorlik va fidoiylik fazilatlarini namoyon etdi.
M.Hasanovning ko`p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan savdo xodimi” faxriy unvoni, “Jasorat” medali, “Mehnat shuhrati”, “Do`stlik” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan edi.
Mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Madaminjon Hasanovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoev, N.Yo`ldoshev, N.Ismoilov,
A.Aripov, J.Ortiqxo`jaev, Sh.Jalilov






