AsosiyJamiyat

Innovasion rivojlanish vazirligi Surxondaryodagi maktablarga Q-Box o`rnatmoqda

'Innovasion rivojlanish vazirligi Surxondaryodagi maktablarga Q-Box o`rnatmoqda'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi Surxondaryo viloyatidagi 100 ta maktabni o`rganib chiqib, Q-Box uskunasini qo`yish imkoniyatlarini aniqladi. 20-23 dekabr kunlari viloyatdagi 20 ta maktabga mazkur moslama o`rnatilib, o`quvchilarga topshirildi.

Vazirlik axborot xizmatining bizga ma`lum qilishicha, endilikda Termiz, Sariosiyo, Denov, Sho`rchi, Muzrobod, Jarqo`rg`on va Boysundagi Q-Box o`rnatilgan maktablarda ta`lim olayotgan o`quvchi hamda talabalar Wi-Fi tizimi shaklida ta`lim dasturlarini va ma`lumotlar bazasini o`z ichiga olgan yirik kontentdan foydalanish imkoniga ega bo`lishadi.

Unga kompyuter, smartfon, planshet, noutbuk orqali xuddi Wi-Fi ga ulangandek kirib, o`zi istagan resurslardan foydalanishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, internetga ulanmasdan turib, aynan ushbu tarmoq bera oladigan ma`lumotlarga egalik qilish imkoniyatini taqdim etadi. Q-Boxda ingliz, rus, fransuz, nemis, koreys, xitoy va boshqa tillarni o`rgatuvchi zamonaviy interaktiv kurslar, tarjimonlar, ensiklopediyalar va boshqa kerakli o`quv kurslari ham mavjud.

Q-Box maktab o`quvchilarning darslik bilan bog`liq muammolarini echishda ham yordam beradi. Chunki unda barcha sinflarga oid kitoblarning elektron nusxasi bo`ladi. Internet Q-Box moslamasi Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy Kutubxonasidagi mavjud adabiyotlarning bosma shaklidagi barcha manbalarini o`zida jamlay oladi.

Loyihaning ikkinchi bosqichi – EDUBOOK uskunasi bilan maktablarni jihozlashdir. Personal kompyuterlar narxlarining yuqoriligi, ko`p maktablarda, ayniqsa, qishloq joylarida moddiy-texnik bazaning etishmasligiga olib kelmoqda.

Natijada, bolalarning yuqori texnologiyalar yordamida interaktiv ilm olish jarayoni kechikib, aynan shu sohada rivojlanishda ortda qolmoqda. Arzon va aynan bolalarning ilm olishi uchun moslashtirilgan maxsus dasturli EDUBOOK kompyuterlari ayni muammoni echishga qaratilgan.

Ushbu kompyuterlarda astronomiya, geometriya va chizmachilik, geografiyaga aloqador 3D chizmalar, maxsus laboratoriya ishlari va eng asosiysi, bolalar uchun raqamli kodlash dasturlari o`rnatilgan.

    Boshqa yangiliklar