O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 iyundagi «Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-3802-sonli Qarorida davlat soliq xizmati organlarini soliq to`lovchilarning biznes-hamkori va maslahatchisiga aylantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Shundan kelib chiqib, murojaatlarni tezkor qabul qilish va murojaatlarning har biriga o`z vaqtida javob berilishini ta`minlash maqsadida, davlat soliq xizmati organlarida fuqarolar murojaatlari bilan ishlovchi «Murojaatlar bilan ishlash bo`limlari» tashkil etildi.
Bugungi kunda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan soliq to`lovchilarning har bir murojaatiga alohida e`tibor qaratilmoqda. Zero, har bir murojaat ortida inson bor, uning dardu tashvishi mujassam.
Tahlillarga ko`ra, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasiga joriy yilning so`ngi uch oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 558 ta murojaat kelib tushgan bo`lib, o`tgan yilning mos davriga (756 ta) nisbatan 198 taga kamaygan. O`z navbatida murojaatlarning 34 tasi ijobiy hal etilgan. Shuningdek, 8 tasi rad etilgan (tasdiqlanmagan), 495 tasiga tushuntirishlar berilgan va qolgan 21 tasi ko`rib chiqilmoqda.
Jumladan, «Mehribonlik» o`zaro ijtimoiy yordam nogironlar jamiyatining Mirobod tuman bo`limi Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasiga murojaat qilib, jamiyat qoshida tashkil etilgan korxonalarda umumiy ishlovchilarning 50 foizini nogironligi bo`lgan shaxslar tashkil etishi hamda bu kabi korxonalarga qanday imtiyozlar tadbiq etilishi, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi «O`zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to`g`risida»gi farmoniga muvofiq, kiritilayotgan o`zgartirishlar haqida tushuntirish berilishi so`ralgan. Ushbu murojaatga boshqarmaning malakali mutaxassislari tomonidan o`z vaqtida javob qaytarildi.
Ta`kidlash joizki, soliq to`lovchilar bilan doimiy aloqada bo`lish orqali ularning murojaatlarini o`rganib borish, soliq qonunchiligi buzilishining oldini olish va soliq to`lovchilarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishda «Ishonch telefon»lari muhim o`rin tutmoqda.
Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi va tuman inspeksiyalari «Ishonch telefoni»ga joriy yilning 20 dekabr holatiga 632 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 624 tasi jismoniy, 8 tasi yuridik shaxslarning murojaatlaridir. Ularning aksariyati hisob-kitob terminallari va nazorat kassa mashinasi ishlamasligi, tegishli hujjatlarsiz mahsulot sotish hamda xizmat ko`rsatish bilan bog`liq masalalarga oid.
Joriy yilning 1 noyabr kuni Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi «Ishonch telefoni»ga kelib tushgan murojaatda Olmazor tumani Jomiy bozorida xaridorga amalga oshirgan savdosi uchun xarid cheki berilmagani bayon qilingan. Mazkur holat yuzasidan Olmazor tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan o`rganish o`tkazildi.
O`rganish davomida yakka tartibdagi tadbirkor Bahodir Salmonov (ism familiyalar o`zgartirilgan) bilan profilaktik suhbat o`tkazilib, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 fevraldagi «Pul muomalasini yanada takomillashtirish va bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-2777-sonli Qarori hamda soliqqa oid qonunchilik talablari tushuntirildi. Yo`l qo`yilgan kamchiliklar yuzasidan B.Salimovga rasmiy ogohlantirish xati taqdim etildi.
Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho``basi






