AsosiyJamiyat

Biz bilgan va bilmagan Tojikiston

'Biz bilgan va bilmagan Tojikiston'ning rasmi

O`zbekistonning bir guruh jurnalistlari qatorida «Tojikiston va O`zbekiston jurnalistlari hamkorligini mustahkamlash» loyihasi doirasida Tojikistonda bo`ldim. To`rt tarafdan tog`lar bilan qurshalgan Dushanbe shahri bizni iliq ob-havo bilan kutib oldi.Qo`shni davlat poytaxti g`arb va sharq arxitekturasini o`zida uyg`unlashtirgani bilan meni lol qoldirdi. Shahar markazidagi binolar Sankt-Peterburg ko`chalarini yodga solardi. Mezbon hamrohlarimizdan so`rab bilsam, poytaxt qurilishida sobiq Leningrad arxitektorlari mehnat qilgan ekan. So`lim, poytaxtga monand bo`lmagan osudalik ham Dushanbega o`ziga xoslik bag`ishlab turadi.

Ochiq kitob shaklidagi kutubxona

Dastlab Tojikiston Milliy kutubxonasiga bordik. Markaziy Osiyodagi eng katta kutubxona sanaladigan ushbu ziyo maskani menda katta taassurot qoldirdi. Kutubxonaning balandligi 52 metr bo`lib, ochiq kitob shaklida qurilgan.

36 bo`limdan iborat kutubxonada 3 millionga yaqin kitoblar hamda 20 ga yaqin o`qish zallari mavjud. Eng katta zal 500 kishiga mo`ljallangan. Kutubxonaning yoshlar bilan gavjumligi e`tiborimni tortdi.

Tarixiy kitoblar bo`limida turli davrlarga oid qadimiy kitoblar saqlanadi. Shu jumladan Qozon shahridan olib kelingan Qur`onning kichik nusxasi ham alohida e`tibor bilan saqlanmoqda. Uzunligi 1,8 sm, eni 1,2 sm bo`lgan dunyodagi eng kichik Qur`on nusxasi 292 betdan iborat bo`lib, uning har birida 12 qator matn joylashgan va oxirgi betida 10 ta yumaloq muhr bosilgan.

Shuningdek, kutubxonada o`zbek tilidagi kitoblar saqlanadigan bo`lim ham mavjud ekan.

Inglizchani “qiyvoradigan” Ne`mat hoji boboning uzumzori

Shundan so`ng Tojikistonning Tursunzoda tumanida joylashgan TALKO alyumin zavodiga yo`l oldik. Mamlakatning asosiy yo`llari haqida alohida to`xtalmasam bo`lmas. Tursunzodaga olib boradigan trassa pullik bo`lib, qurilganiga 8-10 yil bo`lgan bo`lsada, hanuz yangidek tep-tekis. Hamrohlarimizdan qiziqib surishtirganimda, “bu yo`llarni xorijliklar qurgan” deyishdi.

Alyumin zavod faoliyati bilan tanishib, alyuminiy qanday quyilishini o`z ko`zimiz bilan ko`rgach, bugungi kunda nafaqat Tojikistonda balki O`zbekistonda ham mashhur bo`lgan Tursunzoda tumanining uzumzor bog`lari tomon yo`l oldik.

Barglari to`kilib ketgan bo`lsada, hamon uzumlari saqlanib qolgan ishkomli bog` yonida bizni Ne`mat hoji bobo kutib oldilar. Ularni savollarga ko`mib tashlasakda, hoji bobo vazminlik bilan barcha savollarimizga birma-bir javob bera boshladilar:

  • Tursunzodada 3 ming gektardan ortiq erda uzumzor bog` yaratilgan. Hosilning 30 foizi o`zimizning tuman Dushanbe shahrini ta`minlaydi.Qolgan 70 foizini Qirg`iziston, Rossiya, Afg`oniston, Pokistonga eksport kilamiz. O`zbekistonga eksport qilmaymiz, chunki u erda uzum ko`p, — deydi hoji bobo kulgancha. — Olgan daromadlarimizdan xo`jaligimizning 65 gektar eriga nasos bilan suv chiqardik. Qishloqning 5 km yo`lini asfalt kildik, ko`chalarini 100 foiz elektr toki bilan yoritiladi. Kam ta`minlangan oilalarga yordam qilinadi. Hozir biz turgan xo`jaligimiz 105 gektardan iborat, bir yilda bir gektar erdan 35 tonna hosil olamiz, 105 gektardan qancha bo`lishini hisoblab olaverasizlar endi... Mahsulot saqlashga 600 tonnalik muzlatkichimiz ham bor. Asosan 5-6 xil talabga javob beradigan, serhosil uzum navlarini ekamiz.Bundan tashqari ko`chat etishtirish bilan ham shug`ullanamiz. Yangibog` qishlog`i aholisi mehnat muxorijatiga bormaydi, hamma o`zimizda ishlaydi.

Asli ota-bobomiz vodiyning Oltiariq tumanidan bo`lishgan, yaxshi dehqon, badavlat odamlar hisoblanishgani uchun falakning gardishi bilan ularni quloq qilishgan. Ular mol-mulklarini tashlab, shu erlarga kelib o`rnashib qolishgan.

Avval boshida bu qishloqda 4-5 ta vodiylik oila uzumchilik qilardik. Keyinchalik boshqalar ham tomorqalarida uzum eka boshlashdi. Hozir hamma qishloqdoshlarimiz bilimdon bog`bon bo`lib etishishgan.

Dushanbe qishloq xo`jalik instituti bilan hamkorlikni yo`lga qo`yganmiz. Ular kelib bizdan tajriba o`rganganib ketishadi. Yaqinda Sug`d viloyatiga taklif etishdi, u erda seminar o`tkazib uzumchilik tashkil etish bo`yicha maslahatlar berib keldim.

Mening bir niyatim bor edi, qani endi O`zbekiston prezidenti bilan uchrashsamu, ularga hammasi uchun rahmat aytsam, deb o`ylardim. Xudoga shukr, niyatim amalga oshdi. Ikki mamalakat xalqi baxtiga xalqparvar prezidentlar rahbar bo`lishdiki, buni qadrlashimiz darkor...

Hoji bobo bilan suhbatimiz qizib, anchagacha gaplashib qoldik. U kishining ingliz tilini ham bilishi bizni hayron qoldirdi. “Xorijlik turistlar kelishsa, menga tarjimonni keragi yo`q deyman”, — deydi hoji bobo kulib. — O`qishni bitirgach, bir yil maktabda ishladim, keyin bu ish men uchun emasligini tushinib, bog`dorchilikka qaytdim. Mana, mehnatimning rohatini ko`rib yuribman.

Hoji boboning tetik, xushchaqchaqligi bizga ham zavq bag`ishladi. Ularning duolarini olgach, yana yo`lga tushdik.

Ajdodlarimizga o`z yurtida so`nggi maskan bo`lgan Hisor

Tojikistonning yana bir tarixiy maskani –Hisor qal`asi tomon otlandik. Hozirgi kunda Hisor qo`riqxonasiga aylantirilgan ushbu qal`a 3 ming yillik tarixga ega bo`lib, yaqinda restavrasiya qilingan. Qayta tiklangan qal`a ichidagi xonalarda hisorlik hunarmandlar gilamdo`zlik, kashtachilik, do`ppido`zlik bilan shug`ullanishar ekan.

Buyuk ajdodlarimizning qadamlari etgan Hisor qal`asiga sayohat menda katta taassurot uyg`otdi. Ko`z o`ngimda Movarunnahrni bor-yo`g`i 300 ga yaqin askari bilan tark etishga majbur bo`lgan mirzo Boburning Hisor tog`laridan oshib Afg`oniston tomon yo`l olayotgan karvoni va g`amgin chehrasi namoyon bo`lgandek bo`ldi.

Xuddi shu payt gid ushbu qal`a Buxoro amiri Said Olimxon uchun ham o`z yurtidagi oxirgi manzil bo`lganini so`zlab qoldi. “Hisor viloyatini o`ziga qarorgohqilgan amir, olti oy davomida qizil askarlarga qarshi kurashadi. U Hisorda saroy a`yonlari va mahalliy amaldorlardan iborat yangi hukumat tashkil qiladi, Biroq bir qator janglarda mag`lubiyatga uchragach, 1921 yilda Said Olimxon o`z yaqinlari va saroy a`yonlari bilan Amudaryoning Chubek kechuvidan Afg`onistonga o`tib ketishga majbur bo`ladi...”

Xayolimda tarix qaytarilgandek bo`ldi.

Afsonalarda Hisor Iskandar Zulqarnayning muhabbatiga ham guvoh bo`lgan deyiladi.

Tarixiy maskanlarda doim ko`nglimga g`amginlik cho`kadi. Tarixning ko`plab quvonchli va g`amgin damlariga guvoh bo`lgan qala`ni shunday tuyg`ular bilan tark etdim.

Yonboshlagan Budda haykali va Tojikistonga qaytgan “Amudaryo xazinasi”

Shundan so`ng Dushanbe shahrida joylashgan Tojikiston milliy tarixiy muzeyga yo`l oldik. U erda dunyoning eng g`aroyib eksponatlaridan biri joy olgan bo`lib, bu yonboshlagan Budda haykalidir. Qariyib 1600 yil ilgari loydan yasalgan ushbu haykalning og`irligi 6 tonna, u 1964 yillarda Vaxsh vodiysidagi Ajina tepadan topilgan.

Muzeyda “Amudaryo xazinasi” deb nom olgan xazina namunalari ham joy olgan. Turli yo`llar bilan Angliyaga olib ketilgan va hozirda Britaniya milliy muzeyida saqlanadigan ushbu xazinanining 5 donasi keyinchalik Tojikistonga qaytarilgan.

Ushbu muzeyda Buyuk Kir tomonidan tuzilgan ilk inson huquqlari manifesti hamda toshlarga bitilgan bitiklar ham saqlanar ekan.

Darvoqe, muzeyning bir bo`limida Iskandar Zulqarnay surati tushirilgan tilla tanga ham noyob eksponat sifatida o`z o`rnini topgan .

Qadimiy eksponatlarga boy bo`lgan muzeyni tark etar ekanmiz, chiroqlarga burkangan Dushanbe ko`nglimizni ravshan etdi.

Safed-Dara sayyohlik kompleksi

Tojikstonda turizmni rivojlantirish uchun tabiatning o`zi barcha sharoitlarni yaratib qo`ygandek go`yo.

Varzob tumanida joylashgan yangilangan sayyohlik kompleksi tomon ketib borarkanmiz archazor tog`lar, suvi tiniq buloqlar, qorga burkangan cho`qqilar va tabiatning shu go`zal manzarasi og`ushida muqim yashaydigan odamlar gavdalandi. Xushfe`l, xushmuomila tojik xalqi bizni har maskanda ochiq chehra bilan kutib olardi. Tog` sayyohlik kompleksi zamonaviy anjomlar bilan jihozlangan bo`lib, atrofda bayromana shukuh hukm surardi.

Safed-Dara haqida to`liqroq ma`lumot olish uchunkompleks direktori Bahodur Ishoqovni suhbatga tortdik.

— Safed-Dara sayyohlik kompleksining yangi tarixi 4 yil ilgari boshlagan. Dam oluvchilar uchun zamonaviy anjomalar bilan jihozlangan qishki-yozgi komplek yaratishga harakat qilyapmiz. Infrastruktura nafaqat kompleks bilan bog`liq, balki bu erga olib keladigan yo`l ham ta`mirlanmoqda. 2 km uzunlikda bo`lgan “kanat yo`l”ni kelgusida 5 km.ga etkazishni rejalashtirganmiz. Bizda qish uzoqqa cho`zilmagani sabab xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda sun`iy qor bilan ta`minlash ko`zda tutilgan. Dunyoning turli burchakdaridan turistlar tashrif buyurishyapti, yozda o`zbekistonlik turistlar juda ko`p tashrif buyurishdi, — deydi kompleksning yosh va g`ayratli direktori.

Bu maskan hamyurtlarimiz uchun ham sevimli dam olish joyiga aylanishiga ishonchim komil. Tog`da qorni ko`rib quvonganidan boshidan sochayotgan hindistonlik yoshlarga ko`zim tushdi.

Safed-Daradatojikistonlik sayyoh Farhod Kalonov va oilasi bilan ham tanishdik. Kalonovlar oilasi tog`-chang`i sporti bilan shug`ullanishdan tashqari dunyo bo`lab sayohatlarga ham chiqishadi. Ular bahorda O`zbekistonda ham bo`lishganini aytishdi.

Tariximiz, urf-odamlarimiz, ko`nglimiz yaqin bo`lgan tojik xalqining mehmondo`stligi, ochiqko`ngilligiga yana bir bor tahsin aytib sayohatimizni yakunladik. Albatta, Tojikistonning barcha diqqatga sazovor joylariga borishga ulgurmadik. Lekin bu bir tomondan yaxshi, nega deganda qayta-qayta tashrif buyurish uchun sabab bo`ladi.

Shundan so`ng «Tojikiston-XXI asr» Mustaqil jurnalistika maktabining treninglarida ishtirok etib, bilim va tajriba almashdik. Ushbu tajribamiz tez kunlarda o`z mahsulini beradi degan yaxshi niyatlarila dushanbelik do`stlarimiz bilan xayrlashdik.

Dilfuza Sobirova

Foto: Alisher Primqulov, Samir Aliev

Toshkent-Dushanbe-Toshkent

    Boshqa yangiliklar