AsosiyJamiyat

«Biz sen bilan birgamiz!» bayram tadbirlari bemor bolalarga quvonch ulashmoqda

'«Biz sen bilan birgamiz!» bayram tadbirlari bemor bolalarga quvonch ulashmoqda'ning rasmi

Dunyoda quvonchu-shodliklar bisyor. Ammo, ularning hech birini bolajonlarning sho`x-shodon kulgulari, xursandchiliklariga tenglashtirib bo`lmaydi. Yangi yil arafasida yurtimizning barcha joylarida bayram shodiyonalari ko`tarinki ruhda nishonlanmoqda. Biroq, bu kun tantanalaridan bebahra bolajonlar ham yo`q emas. Og`ir xastalik sabab bolalik davru davronini, hayotning shirin zavqini tuyib ulgurmagan nihollar kasalxona derazasidan mo`ralagancha Yangi yil shukuhi, Qorbobo va Qorqiz tashrifi, uzoq kutilgan bayram sovg`alarini qumsagancha xayolga cho`madi.

Ana shunday beg`ubor qalblarga quvonch, xushkayfiyat va umid uchqunini ulashish maqsadida bugun O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan Yangi yil munosabati bilan Respublika qon quyish va ilmiy tekshirish institutidagi og`ir bemor bolalar uchun Qorbobo va Qorqiz, ertak qahramonlari ishtirokida bayram sovg`alari tarqatildi. Kutilmagan bayram tashrifi 100 nafardan ortiq bolajonlar uchun bir olam quvonch hadya etdi.

Ko`zmunchoq bolajonlar bayramga atalgan she`rlarini to`lqinlanib aytib berishdi. Bir yarim yoshdan o`n to`rt yoshgacha bo`lgan bolajonlarning orzulari, kelajakdagi maqsadlari ezgu niyatlariga quloq tutib, qalblar larzaga keldi. Hayot nashidasini, umr qadrini, sog`lik ne`mati va unga shukronalik tuyg`ularini mana shu jajji bolakaylar ham his qilib ulgurgan. Qorbobodan bayramga dardlariga darmon tilagan murg`ak qalblar hech kimsa xasta bo`lmasligini so`rashdi. Ularning orasida kelajakda uchuvchi, harbiy, shifokor, san`atkor bo`lishni orzu qilganlar talaygina.

Shuningdek, bayramona tashriflar Toshkent viloyatining Toshkent tumanida ham davom ettirildi. Tumandagi og`ir bemor bolalar, kam ta`minlangan oilalar farzandlari holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari taqdim etildi.

26 dekabr Respublika onkologiya ilmiy markazida ham Yangi yil ayyomi tashkil etilib, davolanish amaliyotini o`tayotgan bolalar holidan xabar olindi. Har bir bola bilan samimiy suhbat qilinib, ularga bayram sovg`alari ulashildi. Toshkent shahar onkologiya markazida tashkil etilgan bayram tadbiri natijasida dardiga davo izlab, bir necha oydan buyon muolaja olayotgan bemor bolalarning yuziga tabassum yugurdi. Qorboboning sovg`alarini cheksiz mamnuniyat ila qabul qilib olgan bolakaylar qalblaridagi orzularini jajji barmoqchalari bilan birma bir sanab berishdi.

Hozirgi kunda qizim Muhabbat Rixsiboeva 15 yoshni qarshi oldi. U 10 yoshligida yiqilish oqibatida jarohat olib, sarkoma kasalligi bilan og`rib qoldi. Davolanish mobaynida bir oyog`i bilan bog`liq jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi. So`ngra, kimyoviy terapiya kurslarini oldi. Ushbu davo muolajalari ijobiy natija berib, farzandim o`zini tobora yaxshi his qila boshladi. Mazkur tadbir farzandlarimizga a`lo kayfiyat bag`ishlab, ularni yanada ruhlantirdi. Bolalar quvonchi bizni ham, shifokorlarni ham xushnud etdi, – deydi bemor qizning onasi Musharraf Yusupova. —Niyatim, jamiyki bemorlar yil yakuniga qadar dardiga shifo topib, yangi yilda hech kim betob bo`lmasin.

Bu xayrli tashabbus og`ir bemor bolalar va ularning oilalarini ham ruhiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish, ko`tarinki bayram kayfiyati ulashish, ertangi kunga ishonch tuyg`ularini shakllantirishga xizmat qildi.

—Qo`lga kirgan zirapcha bolaning birgina barmog`iga og`riq bersa, jigarbandining ozor chekishiga guvoh bo`layotgan onaning bag`ru dilini tilka pora qiladi. Biz bu tadbirlarimiz orqali ham xasta bolalarga quvonch ulashish, ham taqdir charxpalagining turli sinovlarida irodasi toblanayotgan onaizorlarga ruhiy madad bo`lib, mahzun chehralariga sevinch bag`ishlashga harakat qildik, – deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Yoshlar bandligini ta`minlash va ijtimoiy himoya bo`limi bosh mutaxassisi Hayotjon Qosimov.

Bayram tadbirlari 27 dekabr kuni Toshkent viloyatining Zangiota, Oqqo`rg`on, Qibray tumanlarida davom ettirilib, kam ta`minlangan, imkoniyati cheklangan yoshlarga bayram sovg`alari tarqatiladi.

Shahnoza Nurullaeva

    Boshqa yangiliklar