1

Toshkentda Xalqaro gimnastika federasiyasi 80-kongressi boshlandi

Jamiyat 29.10.2014, 19:20
Toshkentda Xalqaro gimnastika federasiyasi 80-kongressi boshlandi

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog`lom va barkamol avlodni voyaga etkazishda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e`tibor tufayli mamlakatimiz yoshlari ongu-shuurida ona-Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat tuyg`ulari shakllanib, ularning xalqaro maydonlarda O`zbekiston nomini ulug`lashga bo`lgan ishtiyoq hamda intilishlari tobora yuksalib bormoqda. Turli xalqaro musobaqalar, jahon va qit`a chempionatlari, Osiyo va Olimpiya o`yinlarida vakillarimizning zafar quchib, mustaqil yurtimiz shuhratini dunyoga yoyishga hissa qo`shayotgani buning yorqin dalilidir, deb xabar beradi O`zA.
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar xalqaro sport jamoatchiligi tomonidan yuksak baholanmoqda. Xalqaro gimnastika federasiyasi saksoninchi kongressi O`zbekistonda o`tkazilayotganida ham katta ma`no bor. Bu mamlakatimizda sport, xususan, gimnastikani rivojlantirishga qaratilayotgan e`tiborning yana bir e`tirofidir.
Bugungi kunda Xalqaro gimnastika federasiyasiga 140 dan ziyod milliy federasiya a`zo. Kongressda saksondan ortiq mamlakatdan 240 ga yaqin delegat qatnashmoqda.
O`zbekiston gimnastika federasiyasi prezidenti, Osiyo gimnastika ittifoqining faxriy prezidenti L.Karimova-Tillaeva, Xalqaro gimnastika federasiyasi prezidenti, professor B.Grandi va boshqalar O`zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e`tibor yuksak samaralar berayotganini ta`kidladi.
Bugun nafaqat shaharlarda, balki olis va chekka qishloqlarda ham zamonaviy sport majmualariga ko`zingiz tushadi. O`zbekistonda bolalar va yoshlarni sportga jalb qilish bo`yicha uch bosqichli tizim shakllantirildi. «Umid nihollari», «Barkamol avlod» va Universiada musobaqalari nafaqat etuk sportchilarni tayyorlash va tarbiyalash maktabiga, ayni vaqtda jamiyatimizda sog`lom turmush tarzini shakllantirishning muhim omiliga aylandi. 

 Gimnastikaning barcha turlari ushbu vazifani bajarishda muhim rol o`ynaydi. Negaki, ushbu sport turi bilan shug`ullanish nafaqat insonning jismoniy go`zalligini shakllantiradi, balki uning fe`l-atvori, eng yaxshi fazilatlarini rivojlantiradi, irodasini chiniqtiradi, oldiga qo`ygan maqsadiga erishishga intilishini kuchaytiradi.
Xalqaro gimnastika federasiyasi bosh kotibi Andre Gyuysbyuler O`zbekiston gimnastika federasiyasi ushbu sport turining barcha asosiy yo`nalishlarini rivojlantirishga ulkan hissa qo`shayotganini va bugungi anjuman yuksak saviyada tashkil etilganini ta`kidladi.
O`zbekiston gimnastika federasiyasi mamlakatimizda ushbu sportning barcha asosiy turlari – erkaklar va ayollar sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, trampolin, akrobatikani ommalashtirishga doir izchil ishlarni amalga oshirmoqda. Davlatimizning har tomonlama ko`magida bu boradagi faoliyat umummilliy miqyos kasb etdi. Iqtidorli sportchilarni aniqlashga yordam berayotgan mintaqaviy va respublika musobaqalari muntazam o`tkazilayotir. Mamlakatimizning barcha viloyatlarida gimnastika bilan shug`ullanish uchun xalqaro talablarga to`liq javob beradigan markazlar tashkil etildi, ularda har kuni minglab o`g`il-qizlar ushbu sport turi bilan muntazam shug`ullanmoqda. Ularning eng istiqbolli va iqtidorlilari gimnastika bo`yicha o`smirlar va milliy terma jamoalar safiga qo`shilmoqda. Nafaqat sport komplekslari va ixtisoslashtirilgan sport maktablari, balki umumta`lim maktablarining sport zallarini zamonaviy gimnastika inventarlari bilan jihozlash bo`yicha izchil ishlar amalga oshirildi.
2007 yilda gimnastika bo`yicha respublika oliy sport mahorati maktabi va 2011 yilda badiiy gimnastika bo`yicha bolalar-o`smirlar ixtisoslashtrilgan respublika olimpiya zaxiralari sport maktabi tashkil qilindi. 2009 yildan buyon gimnastikaning barcha turlari bo`yicha O`zbekiston terma jamoalari sportchilari olimpiadaga tayyorlash markazi hisoblangan gimnastika saroyida shug`ullanish hamda yirik musobaqalarni o`tkazish imkoniyatiga ega bo`ldi.
Jahon tajribasi hisobga olingan holda, murabbiylar malakasini oshirishga katta e`tibor berilmoqda. Bu borada istiqbolli ilmiy va tibbiy yangiliklarni o`rganish, sportchilarni tayyorlash, sport uskunalarini ishlab chiqarishga joriy etish – bularning barchasi sportni yanada ommalashtirish, salomatlik omiliga aylantirishga xizmat qilayotir. O`zbekiston gimnastika federasiyasi shu maqsadda Xalqaro gimnastika federasiyasi va Osiyo gimnastika ittifoqi tomonidan o`tkazilayotgan xalqaro forumlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Ilg`or tajribani ommalashtirish uchun poytaxtimiz va viloyatlarda xalqaro hamda mahalliy mutaxassislar ishtirokida murabbiylar va hakamlar uchun seminarlar muntazam tashkil etilmoqda.
O`zbekiston vakillarining gimnastika bo`yicha qo`lga kiritayotgan yutuqlari salmog`i oshib bormoqda. Yaqinda Janubiy Koreyada bo`lib o`tgan XVII Osiyo o`yinlarida badiiy gimnastika bo`yicha qizlarimiz jamoaviy bahslarda qit`amizning etakchi sportchilarini ortda qoldirib, oltin medalga sazovor bo`ldi. Sport gimnastikasi bo`yicha bahslarda Anton Fokin brusda murakkab mashqlarni muvaffaqiyatli bajarib, 15.475 ball to`pladi. Bu musobaqaning eng yaxshi natijalaridan bo`lib, O`zbekiston sportchisiga shohsupaning ikkinchi pog`onasiga ko`tarilish imkonini berdi. Oksana Chusovitina yuksak mahoratini namoyish etib, tayanib sakrash mashqlari bo`yicha kumush medalni qo`lga kiritdi.
Abdulla Azimov esa alohida predmetlarda mashq bajarishda yuqori natija ko`rsatib, shohsupaning ikkinchi pog`onasidan joy oldi.
Kongressda Xalqaro gimnastika federasiyasining yangi tahrirdagi nizomi tasdiqlanadi.
Dunyoda gimnastikaning barcha yo`nalishlarini rivojlantirish, Xalqaro gimnastika federasiyasiga yangi a`zolarni qabul qilish va boshqa qator masalalar muhokama qilinadi. Ushbu yo`nalishdagi ishlarni yanada yaxshilash, sportchilarni tayyorlash darajasini oshirish va shu maqsadda eng ilg`or sport, ilmiy hamda tibbiyot texnologiyalaridan foydalanish uchun milliy gimnastika federasiyalarining keng hamkorligini ta`minlash hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1