Etti davlat tashqi ishlar vazirlari Samarqandda uchrashadi, deb xabar qilmoqda O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.
“12-13 yanvar kunlari Samarqand shahrida “Hindiston – Markaziy Osiyo“ muloqoti tashqi ishlar vazirlarining Afg`oniston ishtirokida ilk uchrashuvi bo`lib o`tadi”, - deyilgan xabarda.
Uchrashuvda mamlakatlar orasida savdo hajmini oshirish, transport va logistikani rivojlantirish, sanoat, energetika, axborot texnologiyalari, tibbiyot, farmasevtika, qishloq xo`jaligiga investisiyalar jalb qilish masalalari hamda madaniyat, ilm-fan, ta`lim va turizm sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilinadi. Uchrashuv yakunlari bo`yicha Qo`shma bayonot qabul qilinishi ko`zda tutilgan.
Uchrashuvda Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj, Qirg`iziston tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Qozog`iston tashqi ishlar vazirining birinchi o`rinbosari Muxtor Tleuberdi, shuningdek, Afg`oniston tashqi ishlar vaziri Salohuddin Rabboniy ishtirok etadi.






