Prezident Shavkat Mirziyoev Samarqand viloyatiga tashrifi chog`ida dastlab Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Qur`on tilovat qilindi.
Ma`lumki, 2016 yili Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi ochilish marosimida Shavkat Mirziyoev Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi yonida ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklifi bilan chiqqan edi. Keyinchalik Prezidentimiz ushbu markaz loyihasi va qurilishi bilan bir necha bor tanishdi. Uning mazmun-mohiyati, hatto, rangining qanday bo`lishigacha belgilab berdi. Bugungi kunda qurilish va pardozlash ishlari nihoyasiga etkazildi.
Davlatimiz rahbari ushbu markazda yaratilgan sharoitlarni ko`zdan kechirdi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.
Markaz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkir allomalarimizning bebaho ilmiy-ma`naviy merosini o`rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi kutubxonalar, arxiv fondlarida saqlanayotgan qo`lyozmalarning elektron nusxalarini to`plash, ularni xalqimiz va jahon jamoatchiligiga etkazish bilan shug`ullanadi. Bu erda ajdodlarimizning boy merosini alohida-alohida o`rganish, etuk mutaxassislar tayyorlash uchun barcha kerakli sharoitlar yaratilgan.
Markazning birinchi qavatida muzey tashkil etilgan. Unda Imom Buxoriyning hayoti, ilmiy safarlari aks etgan. Muzey markaziga «Sahihi Buxoriy» kitobining qadimiy qo`lyozma nusxasi qo`yilgan.
Muzey bilan tanishar ekan, Prezidentimiz bu joy ziyoratchilarga Imom Buxoriy haqida tasavvur, bilim berishini ta`kidladi.
- Dunyo xaritasida yana bir ilmiy markaz paydo bo`ldi. Bu markaz mamlakatimizga ilm, baraka olib keladi. Yoshlarimizga bilim, kuch beradi. Bu erda o`qiganlar, ziyoratgan kelganlar katta ma`naviyat, ma`rifat oladi, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Markaz tomonidan 2018 yilning o`tgan davrida buyuk allomalarimiz merosini o`rganish, keng targ`ib etish, nufuzli xalqaro markazlar bilan hamkorlikni yo`lga qo`yish bo`yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Evropa va Sharq mamlakatlari, dunyodagi etakchi islom tadqiqot markazlari, universitetlar bilan aloqalar o`rnatildi. Jumladan, Buyuk Britaniyaning Oksford islom tadqiqotlari markazi, Kembrij universiteti, “Al-Furqon” fondi, Britaniya muzeyi, Fransiyaning Arab dunyosi instituti, Fransiya milliy kutubxonasi va boshqa ilm-fan maskanlari bilan hamkorlik yo`lga qo`yildi.
Markaz ilmiy xodimlari tomonidan “Imom Buxoriy ta`rifi”, “Alouddin Usmandiy Samarqandiy hayoti va ilmiy merosi”, “Lubobul hadis asari” kabi 17 ta kitob nashrga tayyorlandi.
Xorijiy mamlakatlarning kutubxona fondlarida saqlanayotgan 535 ta qo`lyozma va toshbosma asarlarning elektron nusxalari olindi. Markazda saqlanayotgan 1 168 ta asarning katalogi tayyorlandi.
Davlatimiz rahbari qo`lyozma kitoblarni avaylab saqlash, tarjima qilib, xalqqa etkazish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markaziga hamohang yana bir oliy diniy ta`lim muassasasi - Hadis ilmi maktabi ham bunyod etilgan. Shavkat Mirziyoev ushbu maktab bilan ham tanishdi.
Hadis ilmi maktabida o`qish muddati besh yil bo`lib, kunduzgi ta`lim shaklida olib borilmoqda. Maktabga arab tilini puxta o`zlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati bo`lgan o`rta maxsus diniy ta`lim muassasalarining 10 nafar iqtidorli bitiruvchilari saralab olingan.
Maktabda hadisshunoslik fanlari bilan bir qatorda Qur`oni karim, fiqh, aqida, tafsir, islom tarixi kabi fanlar hamda xorijiy tillardan chuqur bilim beriladi.
Buyuk ajdodlarimiz asos solgan Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil qilish mamlakatimiz ma`naviy taraqqiyotining bugungi bosqichida muhim ahamiyat kasb etadi. Tashkil etilgan muassasa o`z oldiga hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini chuqur o`rganish, xorijiy tillarni chuqur o`rgatish, «Ustoz-shogird» an`analari asosidagi mashg`ulotlarni tashkil etish, dunyoviy davlatda diniy qadriyatlarni asrab-avaylash, hadis ilmi ulamolari asarlarining ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini tayyorlash, o`zbek va xorijiy tillarda nashr etish, ilmiy seminarlar, konferensiyalar tashkil etish, eng muhimi, «Jaholatga qarshi – ma`rifat» shiori asosida murosasizlik, ekstremizm va terrorizmning har qanday ko`rinishlariga ilm-ma`rifat, yuksak odob-axloq bilan qarshi turishdek katta vazifalarni qo`ygan.
Kelajakda Hadis ilmi maktabi bitiruvchilari diniy fanlar, xususan, hadis ilmi sohasida ta`lim berib, diniy tashkilotlarda imom-xatib, ilmiy xodim vazifalarida ishlashi, shuningdek, ilmiy-tadqiqot markazlarida ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borishi ko`zda tutilgan.
Bituruvchilar ta`limni o`z ixtisosligiga ko`ra, O`zbekiston Islom akademiyasi magistraturasida, tayanch doktorantura va doktorantura bosqichlarida davom ettirishlari mumkin.
Prezidentimiz maktabda o`qitish uslublarini takomillashtirish, xalqaro ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish zarurligini ta`kidladi