O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 20 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan Germaniya poytaxti Berlin shahriga keldi.
Tegel xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Davlatimiz rahbarini Germaniya rasmiy shaxslari kutib oldi. Bu haqda Prezidentning matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrifning asosiy tadbirlari 21 yanvarga mo`ljallangan. Prezident Shavkat Mirziyoev Berlinda Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer, Federal kansler Angela Merkel va Bundestag Raisi Volfgang Shoyble bilan uchrashuvlar o`tkazadi.
Muzokaralarda O`zbekiston bilan Germaniya o`rtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-gumanitar, fan-ta`lim va turizm sohalaridagi aloqalarni faollashtirish kabi masalalarni muhokama qilish ko`zda tutilgan.
22 yanvar kuni Myunxen shahrida Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder hamda Germaniyaning etakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvlar o`tkazilishi rejalashtirilgan.






