Belvyu saroyida Prezident Shavkat Mirziyoev bilan Prezident Frank-Valter Shtaynmayerning uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o`rtasidagi siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, o`zaro manfaatli sohalardagi aloqalarni ikki va ko`p tomonlama asosda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar bundan buyon ham Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qo`llab-quvvatlashda davom etajagini bildirdi.
Prezidentlar Germaniya tashabbusi bilan ishlab chiqilayotgan, Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo`yicha yangi strategiyasi asosida munosabatlarni mustahkamlash muhimligini qayd etdi.
Davlatimiz rahbari “Markaziy Osiyo + Germaniya” formatida muloqotlarni yo`lga qo`yish taklifini ilgari surdi.
O`zbekiston iqtisodiyoti tubdan modernizasiya qilinayotgan hozirgi jarayonda Germaniyaning ilg`or tajribasi va texnologiyalarini jalb etish muhim ahamiyatga ega ekani ta`kidlandi.
Madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar ham muhokama qilindi. Maktab ta`limida samarali nemis texnologiyalaridan foydalanish, jumladan, “Maktablar: kelajak sheriklari” (PASCH) tashabbusini amalga oshirish, O`zbekistonda Germaniyaning etakchi oliy ta`lim muassasalari filiallarini ochish, ikki xalq o`rtasida madaniy aloqalarni kengaytirish istiqbollari e`tibor markazida bo`ldi.
Uchrashuv so`ngida Shavkat Mirziyoev Frank-Valter Shtaynmayerni O`zbekistonga javob tashrifi bilan borishga taklif etdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Federal Prezident mamlakatimizga shu yil may oyida borishga tayyor ekanini bildirdi.







