AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoyev va Angela Merkelning muzokaralari oldidan OAV vakillari uchun brifing o`tkazildi

'Shavkat Mirziyoyev va Angela Merkelning muzokaralari oldidan OAV vakillari uchun brifing o`tkazildi 'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal kansleri Angela Merkelning muzokaralari oldidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o`tkazildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Angela Merkel O`zbekiston Prezidentining tashrifi uzoq tanaffusdan keyingi muhim tashrif ekani, ikki tomonlama hamkorlik rivojiga katta turtki berishini ta`kidladi.

- Biz O`zbekistonning ishonchli sherigi bo`lishni xohlaymiz. Mamlakatlarimiz o`rtasidagi aloqalarni kengaytirish uchun ko`plab imkoniyatlar borligini ko`rmoqdamiz, - dedi Germaniya kansleri.

Shavkat Mirziyoev O`zbekiston delegasiyasiga ko`rsatilayotgan yuksak hurmat uchun chuqur minnatdorlik bildirib, germaniyaliklarni joriy yil may oyida nishonlanadigan Germaniya Federativ Respublikasi tashkil etiganining 70 yilligi bilan tabrikladi.

Tomonlar so`nggi yillarda ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib, yangi mazmun bilan boyib borayotgani, siyosiy muloqotlar faollashayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Prezidentimiz O`zbekiston Germaniya bilan aloqalarni sifat jihatidan yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqishga intilishini alohida ta`kidladi.

Muzokaralarda siyosat, xavfsizlik, savdo, texnologiya, innovasiya, investisiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama etilishi ma`lum qilindi.


Tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida yanada yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo`yicha yangi strategiyasi asosida ikki tomonlama munosabatlar mustahkamlanishi ta`kidlandi.

Uchrashuvda zamonaviy tahdid va xatarlar, avvalo terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo`yicha hamkorlikni kuchaytirishga alohida e`tibor qaratilishi aytib o`tildi. Afg`onistonda tinchlik jarayonini tez fursatda boshlash ham kun tartibidagi muhim masalalardan ekani qayd etildi.

O`zbekiston inson huquqlari va erkinliklari sohasida konstruktiv muloqot, shuningdek, davlat boshqaruvi tizimining shaffofligiga hamda korrupsiyaga to`liq barham berilishiga erishish maqsadida hamkorlik uchun ochiq ekani ta`kidlandi.

Tomonlar investisiya va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi. O`zbekiston Prezidenti tashrifi arafasida o`tkazilgan biznes-forumda 8 milliard evrodan ziyod qiymatdagi yangi loyihalarini amalga oshirish bo`yicha kelishuvlarga erishilgani, boshqa bitimlar bo`yicha ishlar davom etayotgani ma`lum qilindi.

Shuningdek, nemis tili chuqurlashtirilgan holda o`qitiladigan maktablar tarmog`ini kengaytirish, Germaniyaning etakchi oliy ta`lim muassasalari bilan aloqalarni rivojlantirish borasidagi hamkorlik uchun ulkan salohiyat mavjudligi ta`kidlandi.

    Boshqa yangiliklar