AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev poytaxtda amalga oshiriladigan investisiya loyihalari bilan tanishdi

'Shavkat Mirziyoev poytaxtda amalga oshiriladigan investisiya loyihalari bilan tanishdi'ning rasmi

Shavkat Mirziyoev 24 yanvar kuni 2019 yilda Toshkent shahrida amalga oshiriladigan investisiya loyihalariga oid ma`lumotlar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma`lum qildi.

2019 yilda Toshkent shahri iqtisodiyotiga 2 milliard 700 million dollar miqdorida to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar jalb etish, buning evaziga 273 ta loyihani amalga oshirish belgilangan.

Metallurgiya, to`qimachilik, oziq-ovqat, qurilish, farmasevtika, neft-kimyo va boshqa sanoat tarmoqlarida jami 115 ta, xizmat ko`rsatish sohasida 103 ta, turar joylar yo`nalishida 55 ta loyiha rejalashtirilgan. Bu 37 mingga yaqin ish o`rni yaratish va aholining maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash imkonini beradi.

Taqdimotda mazkur loyihalarning sohalari va joylari, mablag`larni o`zlashtirish muddatlari tahlil qilindi.

Prezident loyihalarning iqtisodiy samaradorligi va ijtimoiy ahamiyatiga alohida e`tibor qaratdi. Xorijiy investorlarga ko`maklashish, loyihalarning belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini nazorat qilish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

Investisiya bo`lmasa, iqtisodiyot rivojlanmaydi. Investorlarga muhit, infratuzilma yarasak, ish joyi bo`ladi, mahsulot ko`payadi, soliq tushadi. Korxonalarning o`z mablag`ini yana aylantirib, faoliyatini rivojlantirishga rag`batlantirish kerak, dedi Shavkat Mirziyoev.

Davlat rahbari 8 yanvar kuni o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida investisiyalarning asosiy qismini o`zlashtirishni yilning oxirgi oylariga qoldirish amaliyotiga chek qo`yib, barcha tarmoqlar va hududlarda buni birinchi yarim yillikda kamida 35 foizga, to`qqiz oylikda 70 foizga etkazish bo`yicha topshiriq bergan edi. Shunga muvofiq, Toshkent shahrida ham joriy yilgi investisiyalarning 70 foizini I-III choraklarda o`zlashtirish rejalashtirilgan. Har bir loyihaning bosqichlari, mas`ullari va muddatlari aniq belgilangan.

Taqdimotda investisiya loyihalarini amalga oshirishni monitoring va nazorat qilish mexanizmi haqida ham so`zlab berildi. Unga ko`ra, Toshkent shahar prokuraturasi boshchiligida poytaxtning har bir tumanida ishchi guruhlar tuzilgan. Investorlarga er ajratilishidan boshlab, loyiha foydalanishga topshirilguncha bo`lgan barcha bosqichlardagi chora-tadbirlar aniq belgilab qo`yilgan. Bu loyihalarni rasmiylashtirish va amalga oshirish jarayonida shaffoflikni, halollikni ta`minlaydi, korrupsiyaga yo`l qo`ymaydi.

Shavkat Mirziyoev loyihalarni qo`llab-quvvatlash, ularni amalga oshirishda yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal qilish, korxonalar ishga tushgandan keyin ham ularning samarali faoliyat ko`rsatishiga yordam berish zarurligini ta`kidladi.

Sergeli tumanida 100 gektardan ziyod hududda Evropa standartlari bo`yicha zamonaviy industrial texnoparkni ishga tushirish rejalashtirilgan. Buning investorlar uchun qulayligi shundaki, barcha bino-inshootlar to`liq tayyor holda topshirilib, zarur infratuzilma bilan ta`minlanadi.

Bugungi kunda texnoparkni loyihalash ishlari boshlab yuborilgan, hozirdanoq 85 foiz er tadbirkorlarga ajratib berilgan. Bu erda 10 mingdan ortiq ish o`rni yaratish mo`ljallangan.

Mutasaddilarga texnoparkni tezroq ishga tushirish, yuqori qo`shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Toshkent shahrida kommunal xizmatlar sifatini oshirish, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini modernizasiya qilish masalalariga ham e`tibor qaratildi. Xususan, Yunusobod tumanidagi ko`p qavatli uylarni boshqarish tizimini tajriba tariqasida professional boshqaruv kompaniyalariga o`tkazish loyihasi haqida ma`lumot berildi.

Prezident ko`p qavatli uylarning holati, odamlarning roziligi bu tizimga bog`liq ekanini ta`kidlab, ushbu tajribani shaharning boshqa tumanlarida ham tatbiq etish, sohaga ixtisoslashgan kadrlar tayyorlashni takomillashtirish bo`yicha topshiriqlar berdi.

Toshkent shahrida zamonaviy uylar, mehmonxonalar, ta`lim va tibbiyot muassasalari hamda boshqa inshootlar barpo etish, issiqlik ta`minoti tizimini rivojlantirish, kommunal xizmatlar boshqaruv markazini tashkil etish loyihalari yuzasidan ham tegishli ko`rsatmalar berildi.

    Boshqa yangiliklar