O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludi kuni munosabati bilan xotira tadbirlari o`tkazilmoqda, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 30 yanvar kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.
«Islom Karimov mustaqil O`zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, o`zbek xalqining ulug` va ardoqli farzandi edi. U mamlakatimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tiklagan. Og`ir qiyinchiliklar va sinovlarga qaramay, tarixan qisqa davrda yurtimizni jadal rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirgan.
Birinchi Prezidentimiz o`zining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimiz tarixida o`chmas iz qoldirgan. Nafaqat O`zbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat va obro`-e`tiborga sazovor bo`lgan.
Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan Islom Karimov xotirasiga munosib hurmat-ehtirom ko`rsatilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 25 yanvardagi ‘O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to`g`risida`gi qaroriga muvofiq, bu borada keng ko`lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tuzildi. Toshkent davlat texnika universiteti, Asaka shahridagi avtomobil zavodi, Farg`ona shahridagi San`at saroyi, Toshkent xalqaro aeroporti, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat markazlaridagi ko`chalarga Islom Karimov nomi berildi. Toshkent, Samarqand va Qarshi shaharlarida buyuk Yo`lboshchimizning haykali o`rnatildi», - deyiladi xabarda.
Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 27 noyabrdagi qaroriga asosan buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov tavalludining 80 yilligi O`zbekistonda keng nishonlandi.
Birinchi Prezident dafn qilingan Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasi yonida ulug`vor maqbara bunyod etildi. Bu yodgorlik o`zbekistonliklar qadami uzilmaydigan muqaddas ziyoratgohga, yoshlar uchun katta tarbiya maskaniga aylandi.
Prezident Shavkat Mirziyoev ushbu yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qur`on tilovat qilindi.
Davlat rahbari yodgorlik majmuasini saqlash, atrofini obodonlashtirish, ziyoratchilarga qo`shimcha qulayliklar yaratish zarurligini ta`kidladi.
Shundan so`ng Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida ehson oshi berildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.
Samarqand Islom Karimov hayoti va faoliyatida alohida o`rin tutadi. Ma`lumki, Birinchi Prezidentimiz ushbu qadimiy shaharda tug`ilgan, uning har tomonlama rivojlanishiga katta e`tibor qaratgan. Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi, Mirzo Ulug`bek tavalludining 600 yilligi munosabati bilan bu erda qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan. 2007 yilda UNESCO shafeligida Samarqand shahrining 2750 yilligi keng nishonlangan. Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg`inoniy, Abu Mansur Moturidiy maqbaralari, Shohi Zinda yodgorligi, Ulug`bek rasadxonasi va boshqa tarixiy qadamjolar obod qilingan. O`nlab zamonaviy inshootlar, xiyobonlar, favvoralar barpo etilgan.
Keyingi yillarda qad rostlagan Islom Karimov maqbarasi va haykali Samarqanddagi ana shu obod maskanlar qatoriga qutlug` qadamjo bo`lib qo`shildi.
Shu kuni Samarqand viloyati jamoatchiligi Registon maydoni yaqinida o`rnatilgan Islom Karimov haykali poyiga gullar qo`ydi.
Qarshi shahrida ham Islom Karimov haykali poyiga gullar qo`yildi. Poytaxt va viloyatlarda O`zbekiston Birinchi Prezidenti tavallud kuniga bag`ishlangan madaniy-ma`rifiy tadbirlar, xotira kechalari o`tkazildi.







