AsosiySiyosat

Prezident "Mega Invest Industrial" qo`shma korxonaning faoliyatini kengaytirish bo`yicha topshiriqlar berdi

'Prezident "Mega Invest Industrial" qo`shma korxonaning  faoliyatini kengaytirish bo`yicha topshiriqlar berdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev Forish tumanidagi «Mega Invest Industrial» qo`shma korxonasi bilan tanishdi.

2017 yil dekabrda faoliyat boshlagan korxonada bazalt toshi qayta ishlanib, bazalt tolasi va armaturasi ishlab chiqariladi. Ayni paytda loyihaning birinchi va ikkinchi bosqichlari ishga tushirilgan. Buning uchun Buyuk Britaniyaning «Leigh Borrier» kompaniyasining 11 million dollar investisiyasi hamda O`zbekiston milliy bankining 26 million dollar kredit mablag`i yo`naltirilgan. Germaniya, Fransiya, Italiya, Rossiya, Turkiya kabi davlatlardan nou-xau texnologiyalar keltirib o`rnatilgan. 225 kishining bandligi ta`minlangan.

2018 yilda bu erda ming tonna bazalt armaturasi va setkalar ishlab chiqarildi. Yaqin vaqtlarda uchinchi bosqichni ham ishga tushirish mo`ljallangan. Korxona to`liq quvvat bilan ishlagach bir yilda 4 ming tonna bazalt tolasi va 4 ming 800 tonna armatura tayyorlanadi.

Bazalt armaturasining afzalligi shundaki, u metall armaturasidan 8 barobar engil, 3 barobar mustahkam, 30 foiz arzon. Qolaversa, zanglamaydi, elektr tokini o`tkazmaydi, 100 yilgacha o`z xususiyatini yo`qotmaydi. Mazkur korxona O`rta Osiyoda yagonaligi, MDH davlatlarida ikkinchi ekanligi bilan ahamiyatlidir.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini ko`zdan kechirdi. Faoliyatni yanada kengaytirib, ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulotlar tannarxini kamaytirish bo`yicha topshiriqlar berdi.

    Boshqa yangiliklar