AsosiyJamiyat

Harbiylar uchun yangi ko`rinishdagi, zamonaviy kiyim-boshlar yaratilmoqda (foto)

'Harbiylar uchun yangi ko`rinishdagi, zamonaviy kiyim-boshlar yaratilmoqda (foto)'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari uchun yangi ko`rinishdagi, zamonaviy, qulay va ixcham kiyim-boshlar yaratilmoqda, deb xabar berdi O`zA.

Qayd etilishicha, Prezidentning harbiy xizmatchilar va soha xodimlari uchun yangi namunadagi harbiy kiyim-bosh yaratish bo`yicha bergan topshiriq va tavsiyalariga binoan 2018 yilning dekabr oyida harbiy xizmatchilar va xodimlar uchun yangi namunadagi harbiy kiyim-bosh yaratish bo`yicha maxsus ishchi guruhi shakllantirildi.

Mazkur guruhga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi ma`sul xodimlari boshchiligida Vazirlar Mahkamasi, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Harbiy prokuratura, Prezident Davlat xavfsizligi xizmati, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, DXX Davlat chegarasini qo`riqlash qo`mitasi, Davlat bojxona qo`mitasi, Mudofaa sanoati bo`yicha davlat qo`mitasi vakillari, «Istiqlol» dizayn markazi mutaxassislari, malakali dizayner va olimlar, Toshkent to`qimachilik va engil sanoat instituti professor-o`qituvchilari va ekspertlari jalb qilingan.

– Harbiy xizmatchilar va soha xodimlari uchun yangi namunadagi harbiy kiyim-bosh ishlab chiqish jarayoniga g`oyat katta mas`uliyat bilan jiddiy va puxta o`ylab, uzoqni ko`zlagan holda yondashilmoqda, – deydi O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig`i Rustam Mahmudov.

Harbiy kiyim-boshni yaratish bo`yicha ishlar Toshkent to`qimachilik va engil sanoat instituti qoshidagi Formali kiyim-boshni loyihalashtirish bo`yicha ilmiy laboratoriyada sohaning malakali xodimlari ishtirokida ish olib borilmoqda. Hozirgi kunga kelib Mudofaa vazirligi, Harbiy prokuratura, Prezident Davlat xavfsizligi xizmati, Davlat bojxona qo`mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati, DXX Davlat chegarasini qo`riqlash qo`mitasi harbiy xizmatchilari va xodimlari uchun dastlabki namunadagi harbiy kiyim-bosh hamda farqlovchi belgilarning (atributikalar) eskiz loyihalari tayyorlandi.

Hozirda qayd etilgan barcha fikr va tavsiyalarni hamda kamchiliklarni inobatga olgan holda ishchi guruh tomonidan harbiy xizmatchilar va soha xodimlari kiyim-boshlarining dastlabki eskizlari va dizaynlari ishlab chiqilgan.

Yaratilgan kiyim-boshlarning birlamchi namunalari harbiy qismlarda ilk qo`shinlar sinovidan (aprobasiyadan) o`tkazilishi, bunda soha vakillari, harbiy xizmatchilar, yoshlar, xalq, keng jamoatchilikning fikrini chuqur o`rganish, tahlil etish, taklif va mulohazalarni umumlashtirib, shundan so`ng harbiy kiyim-boshlarni keng assortimentda ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish mo`ljallangan.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar