AsosiyDunyo

Said Qiyomiddin G`ozining qamoq muddati 18 yilga kamaytirildi

'Said Qiyomiddin G`ozining qamoq muddati 18 yilga kamaytirildi'ning rasmi

O`tgan asrning 90-yillarida Tojikistonda mashhur bo`lgan ruhoniy Said Qiyomiddin G`ozining qamoq muddati 18 yilga kamaytirildi.

O`tgan yilning may oyida u milliy, irqiy, etnik va diniy nafrat uyg`otishda, Vatanga xiyonat qilish va konstitusiyaviy tuzumni kuch bilan ag`darib tashlashga oshkora chaqiriq bilan chiqqanlikda aybdor, deb topilib, 25 yil ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Said Qiyomiddin G`ozining qamoq muddati qisqartirilishi borasidagi qaror o`tgan oyda mahkumning advokatlari tomonidan berilgan iltimosnomani ko`rib chiqqan Tojikiston Oliy sudining jinoiy ishlar bo`yicha Sud Hay`ati tomonidan qabul qilindi. “Sud Hay`ati mahbusning chin dildan pushaymon ekanligini va og`ir jinoyatlarni fosh qilishda ko`rsatgan yordamini inobatga oldi“, deya xabar berdi 8 fevral kuni Oliy sud.

Eshon Sayid Qiyomiddin G`ozi (G`oziev) 1992 yilda Dushanbedagi “Shoxidon” maydonidagi notiqlardan biri edi. Uni norasmiy ravishda “generali mardumi” (“xalq generali”) deb atashardi. Tojikistonda fuqarolar urushi boshlanishi bilan (1992-1997) G`ozi Afg`onistonga o`tdi va u erda Birlashgan Tojik muxolifati (BTM) bilan hamkorlik qildi.

1997 yilda tinchlik va milliy yarash to`g`risida Umumiy kelishuv imzolanganidan keyin taniqli ruhoniy vataniga qaytib keldi va BTM nomidan Milliy Yarash Komissiyasining a`zosi bo`ldi. Tinchlik to`g`risidagi Umumiy kelishuvni hayotga tatbiq etgani uchun “Sharaf” ordeni bilan mukofotlandi.

2018 yilning may oyida Tojikiston Oliy sudi Said Qiyomiddin G`ozini 25 yil qamoq jazosiga hukm qildi. U milliy, irqiy, etnik va diniy nafrat uyg`otishda, vatanga xiyonat qilish va konstitusiyaviy tuzumni kuch bilan ag`darib tashlashga oshkora chaqiriq bilan chiqqanlikda aybdor deb topildi. 2017 yil noyabrida sobiq ruhoniy Rossiya va Tojikiston maxsus xizmatlari tomonidan Sankt-Peterburgda o`g`irlanib Xo`jandga olib kelindi. “Xalq generali” ustidan sud jarayoni yopiq rejimda bo`lib o`tdi.

    Boshqa yangiliklar