Andijon viloyati Oltinko`l tumani «Madaniy mehnat» mahallasida yashovchi Muhammadzulun Turg`unov o`z hovlisidagi o`t-o`lanlar orasidan noyob ilon topib oldi, deb xabar beradi 12news.uz. Bu ilonning boshqa o`z turiga mansub sudralib yuruvchilardan farqi uning boshi ikkita edi.
Ikki boshli ilonning uzunligi 30 santimetrlar atrofida bo`lib, juda harakatchan, qizig`i, uning har ikkala boshidagi tillari bilan bir xil harakatlanadi.
Muhammadzulun aka dehqonchilik bilan shug`ullanadi. U kishi noyob jonzotni bankaga solib, uning ichiga oziqlantirish maqsadida un solib qo`yibdi.
«To`g`risi, hayvonlardan sigir, qo`y va boshqa uy hayvonlarini qanday ovqatlantirishdan xabarim bor. Lekin, hech ilon boqib ko`rmaganligim uchun uni qanday oziqlantirish menga muammo tug`dirmoqda, — deydi u. — Bu topilmani ilm egalari bo`lgan biologlar olib ketib, jiddiy o`rganib chiqsalar yaxshi bo`lar edi».
Bu topilma biologlar uchun qiziq bo`lishi tabiiy hol. Agar, ilonga ilmiy tadqiqot institutlari xodimlari qiziqish bildirsalar yanada yaxshi bo`lar edi. Chunki, Muhammadzulun aka barchani hayron qoldirishi mumkin bo`lgan yana bir voqeani aytib berdi. Bundan 45 yillar oldin u kishining otasi xuddi shu hovlida ikki boshli ilon borligini aytgan ekan.