AsosiyJamiyat

100 ming so`mlik qachon muomalaga chiqishi ma’lum qildi (foto)

'100 ming so`mlik qachon muomalaga chiqishi ma’lum qildi (foto)'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2019 yilning 25 fevraldan boshlab qiymati 100 000 so`m bo`lgan banknot ko`rinishidagi yangi pul belgisi muomalaga chiqarilishi to`g`risida ma`lum qildi.

Qiymati 100 000 so`m bo`lgan banknotning mavzusi o`zbek olimi Mirzo Ulug`bek faoliyati va uning astronomiya fanidagi yutuqlariga bag`ishlangan. Banknotning o`lchami 144 x 78 mm. bo`lib, maxsus himoyalangan qog`ozda chop etilgan.

Banknotning o`ng tarafidagi oq oval qismida Mirzo Ulug`bek surati ko`rinishidagi lokal suv belgisi va 100000 raqami ko`rinishida filigran suv belgisi joylashgan. Banknotning o`ng tarafidagi qog`oz qatlamida kengligi 5 mm. 3D effektga ega bo`lgan, yuqori himoyali, sho`ng`uvchi, banknotning ustki qatlamiga chiquvchi himoya ipi joylashtirilgan. Yorug`lik manbaida ip to`liq ko`rinishga ega bo`lib, banknotning istalgan qiyalik ko`rinishida ipdagi tasvirlarda siljish effekti paydo bo`ladi. Old va orqa tomonlarining foni asosan och jigarrang va havo ranglaridan iborat.

Banknot old tomonining chap qismida Mirzo Ulug`bek haykali tasvirlangan. Banknotning yuqori qismining chap tarafida rangi o`zgaruvchan 100000 raqami joylashtirilgan bo`lib, ma`lum qiyalik burchagida qaralganda uning rangi qirmizi rangdan jigarrangga o`zgaradi.

Banknotning quyi qismining chap tarafida ornamental tasvir asosida (fonida) «UZB» ko`rinishidagi yashirin tasvir mavjud bo`lib, u yorug`lik manbaiga nisbatan ma`lum qiyalikda ko`rinadi. Banknotning chap tomonida joylashgan yashil rangdagi maxsus element ko`zi ojiz insonlar uchun mo`ljallangan bo`lib, bo`yoqning bo`rtmaligi hisobiga banknotning qiymatini aniqlash mumkin.

Banknotning yuqori o`ng burchagida O`zbekiston Respublikasining Gerbi jigarrangda aks ettirilgan.

Banknotning o`rta qismida quyosh sistemasi sxemasi joylashgan bo`lib, uning rangi ko`rish burchagiga qarab bronza rangidan yashil rangga o`zgaradi.

Banknot pastki o`ng burchagidagi 100000 raqami ikki xil, ya`ni jigarrang va yashil rangda aniq chegaralangan holda bosilgan. Banknotning lotin alifbosidagi ikki harfli seriyasi va etti xonali sondan iborat raqami ikki joyda bosilgan bo`lib, quyi qismining o`ng tomonidagi bo`yoq ferromagnit, chap qismdagi rangli maydondagi lyuminesser xususiyatiga ega.

Banknot orqa tomonining chap qismidagi oval shakldagi maydonda ham lokal suvli belgisini ko`rish imkoniyati mavjud. Chap tomonining yuqori burchagida giloshir rozetka maydonida banknot muomalaga chiqarilgan yil ko`rsatilgan.

Muomalaga chiqarilayotgan qiymati 100 000 so`m bo`lgan pul belgisi, ayni paytda muomalada bo`lgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xo`jalik yurituvchi sub`ektlar va aholi tomonidan o`z qiymati bo`yicha barcha turdagi to`lovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shartligi belgilangan.

    Boshqa yangiliklar