Toshkent viloyati Tuyabo`g`iz suv omborida joylashgan Mudofaa vazirligi sport klubi bazasida Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari hamda Toshkent iqtisodiyot va biznes kolleji talabalari uchun baydarka va kanoeda eshkak eshish bo`yicha halqaro toifadagi sport ustalari tomonidan master-klass mashg`ulotlari o`tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Mashg`ulotlar davomida yoshlarga baydarka va kanoeda eshkak eshish usullari amalda ko`rsatib berildi. Shuningdek, ishtirokchilarga suv sportining turlari, kelib chiqish tarixi, bugungi istiqboli hamda jahon arenasida mamlakatimiz harbiy baydarkachilari erishgan yutuqlari haqida ham ko`plab qiziqarli ma`lumotlar aytib o`tildi.
Ayniqsa, Jahon kubogi sovrindori, ko`plab halqaro musobaqalar ishtirokchisi, navbatdagi Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko`rayotgan irodali parakanoechi Azizbek Abduhabibov bilan suhbat yoshlarda alohida qiziqish uyg`otdi.
Tadbir so`ngida mazkur sport turi bilan shug`ullanish istagidagi yoshlar sport klubi to`garagiga shu erning o`zida a`zo bo`lishdi.

Ma`lumot o`rnida, 2018 yil mobaynida sportning baydarka va kanoeda eshkak eshish turi bo`yicha 35 ta halqaro toifadagi musobaqalar o`tkazilgan.
Mazkur nufuzli chempionatda Mudofaa vazirligi sport klubi a`zolari tomonidan 15 ta oltin, 16 ta kumush hamda 4 ta bronza medallari qo`lga kiritilgan. Respublika miqyosida o`tkazilgan 103 ta sport musobaqalarida harbiy sportchilar 55 marotaba birinchi pog`onani band etgan bo`lsa, 20 marotaba ikkinchi hamda 28 marotaba uchunchi o`rinlarni egallagan.






