Kadr orti haqiqatlari
ALIShER UZOQOVNI ChUV TUShIRGAN HAMKOR – SUD KURSISIDA!
Yoxud kinoning daromadi qayoqqa ketdi?
Aktyor va xonanda Alisher Uzoqov rejissyorlik yo`nalishida tahsil olgani bois, o`zini kadr ortida ham sinab ko`rganidan xabaringiz bor. Uzoqovning ilk rejissyorlik ishi “Mening akam bo`ydoq” filmi kinoixlosmandlar tomonidan juda iliq qarshi olingandi.
Bundan ruhlangan Alisher Uzoqov birinchi filmining mantiqiy davomi bo`lgan “Endi dadam bo`ydoq” filmiga ham qo`l urgandi. Galdagi kinokartinasi ham birinchisining muvaffaqiyatini takrorlagani yodingizda bo`lsa kerak. Biroq Alisher Uzoqovga bu e`tirof, e`tibor tatimadi...
Chunki misqollab yig`gan puliga film olgan ijodkorni yana yangi ijod mahsulini suratga olish uchun ruhlantirib kamera qarshisiga etaklash o`rniga, sudgacha olib borishdi. Kadr orti jarayonlari ekrandagisidan butunlay farq qilishi sababli muxlislar uchun qiziqarli tuyulishi ham shundandir.
Anglaganingizdek, muxlislar uchun sir bo`lib qolgan mazkur kino ortidagi mashmashalarni e`tiboringizga havola etmoqchimiz. Zero, qolgan ijodkor-u hamkorlar bu ishdan o`zlariga etarlicha xulosa chiqarishsin!
— Xurshid aka, meni qo`llab yuboring, — dedi Alisher ko`p yillardan buyon qadrdon bo`lib qolgan tanishiga. — Suratga olgan filmimni firmangiz nomidan namoyishga qo`yib bering. Ulushingizni albatta beraman, quruq qo`ymayman.
— Sen aytasan-u men yo`q deymanmi, uka. Oramizdagi oqibat uzilmasin. Olib kelaver, — dedi Xurshid aka. Ammo bergan va`dasiga amal qilmasdan Alisherni zir yugurtirdi...
Ishonchga pand bergan kelishuv
O`zini rejissyorlikda ham sinab ko`rishga qaror qilgan Alisher Uzoqov komediya yo`nalishidagi “Endi dadam bo`ydoq” filmini suratga olishga kirishadi. Biroq lisenziyasi bo`lmagani sabab, biroz boshi qotadi. So`ngra necha yillardan buyon akasidek bo`lib qolgan qadrdoni — “CATALEA GROUP” MChJ bosh diretori lavozimida ishlagan Xurshid Xalmuxamedovning yoniga borib undan yordam so`raydi:
— O`zingizdan qolar gap yo`q. Ukangizni qo`llab-quvvatlamasangiz ish chatoq, — deydi hazil aralash Alisher. — Mana shu filmni suratga olib, namoyish etib olay tushgan pullarni teng bo`lishamiz, aka.
— Sen menga pul taklif qilasan-u, men yo`q deymanmi? Mayli ruxsat, olaver kinoingni.
Shunday qilib, Alisher Uzoqov yillar davomida topgan pullaridan 50-55 million so`m sarflab “Endi dadam bo`ydoq” filmini tasvirga oladi.
Nafs qadrdonlik chegarasini bosib o`tdi...
Film 2012 yilning oktyabr oyidan 2013 yilning fevral oyiga qadar “Alisher Navoiy” nomli kinoteatrda namoyish qilingan. Kino tomoshabinlar tomonidan juda yaxshi kutib olindi.
Kinoteatr bilan “CATALEA GROUP” MChJ o`rtasida tuzilgan shartnomaga ko`ra, film namoyishidan tushgan mablag`ning 50 foizi kinoteatr hisob raqamiga, qolgani “CATALEA GROUP” MChJ hisob raqamiga tushgan. Shu 50 foizni Xurshid Xalmuxamedov va Alisher Uzoqov teng bo`lishib olishga kelishgandi. Shu o`rinda ta`kidlash joizki, film uchun “CATALEA GROUP” MChJ 1 so`m ham sarflamagan.
“Mening nafsim balodur, yonar o`tga soladur”, deganlaridek tashkilotning hisob raqamiga pul kelib tushganidan so`ng Xurshid Xalmuxamedov badnafslik qilib, Alisher Uzoqov bilan og`zaki kelishuvini buzadi.
Uni aldab, film namoyishidan tushgan daromadning 44 000 000 so`m pulni o`z manfaatlari yo`lida ishlatib yubordi. Alisherga aktyorlik va rejissyorlik qilgani uchun bor-yo`g`i 20 million so`m gonorar bergan, xolos.
Toqati-toq bo`lgan Alisher uni bankka olib boradi. Uning hisob raqamiga 94.394.330 so`m pul mablag`i kino saroydan tushganligini ko`rsatadi.
— Aka, mayli insof bilan 12.500.000 so`mini olib qoling. Qolgan pullarni bering, filmdagi boshqa ijodkorlarning ham gonorarini berolmayapman.
— Pul yo`q, uka! Hammasi film premerasi va reklamasiga ishlatildi. Kino qo`yishning o`zi bo`ladimi?
— Qolgan 44 million so`mni bering, iltimos! Bo`lmasa boshqacha yo`l tutaman.
— O`zingni bos, uka, pul topiladi. Hisob raqamimda pul bo`lgan zahoti beraman pullaringni, eb ketarmidim?
Alisher uning xonasidan mushtini tukkancha chiqib ketadi.
“Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi”
Bu ham etmagandek, Xurshid Xalmuxamedov “Ali-Akbar Inter tabak” MChJ xodimi Doniyor Idrisov bilan “Endi dadam bo`ydoq” filmini Rossiya Federasiyasida internet va kabel televideniyalari orqali namoyish qilish uchun ruxsat beruvchi shartnoma tuzish evaziga undan ta`mirgirlik yo`li bilan nad 4.000 AQSh dollarini pora tariqasida talab qilgan.
Oradan ikki kun o`tgach, Doniyor Idrisov Xurshid Xalmuxamedov aytgan pullarni uning qo`liga tutqazadi. Xurshid Xalmuxamedov darhol bu pullarni shimining cho`ntagiga tiqib qo`yishga ulgurmay xonasiga SVOJvaJDLQK Departamentining Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan bevosita dililiy ashyolar bilan qo`lga olingan. Xurshid Xalmuxamedovdan kim bilan, nima maqsadda uchrashgani haqida so`rashganida, u barchasini aytib berishga majbur bo`lgan.
Shunday qilib, nafsi hakalak otgan Xurshid Xalmuxamedov pora bilan qo`lga tushdi.
Alisher Uzoqov pullarini undirib berishni so`rab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.
Shunday qilib, sud Xurshid Xalmuxamedovdan jabrlanuvchi Alisher Uzoqov foydasiga 44.000.000 so`m undirishni lozim deb topdi.
Sud Xurshid Xalmuxamedovni Jinoyat kodeksining 168 moddasi 2 qismining “a” bandi va 210 moddasi 2 qismining “v” bandi bilan aybdor deb topilib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Jinoyat kodeksining 45 moddasiga asosan korxona, muassasa va tashkilotlarda rahbarlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan 3 yil muddatga mahrum qilindi.
Xonbibi HIMMAT qizi tayyorladi
Materialni tayyorlashda yaqindan yordam bergan Mirzo Ulug`bek tuman prokuraturasining tergovchisi Bahodir TOJIDDINOVga minnatdorchilik bildiramiz.