Buxoro shahridagi 21-umumiy o`rta ta`lim maktabi o`quvchilari aka-uka Andrey Rahmatov hamda Aleksandr Zaimkin aroqxo`r onasi Tatyana Zaimkina ustidan shikoyat qilib, o`zlarini Mehribonlik uyiga joylashtirishlarini so`rab, ichki ishlar organlariga murojaat qilishdi.
Bu haqda Buxoro shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshqarmasi 3-son IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo`limi profilaktika katta inspektori, katta leytenant Shahobiddin Rahmonov ma`lum qildi, deb yozmoqda "Xalq so`zi" nashri.
Bildirilishicha, Buxoro shahridagi 38-sonli “Piridastgir” MFYda yashovchi, 1982 yilda tug`ilgan fuqaro Tatyana Zaimkina opasi Anna Mallaeva hamda akasi Nikolay Zaimkin ta`sirida uzoq yillardan buyon spirtli ichimliklar ichib keladi. Qo`ni-qo`shnilar, maktab va mahalla faollari, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan nazorat hamda tartibot ishlari olib borilishiga qaramay, samara bermagan.

— Aka-uka Andrey va Aleksandr uchinchi hamda to`rtinchi sinfda tahsil olishadi, — deydi 21-umumiy o`rta ta`lim maktabi direktori Roza Avdeeva. — Voyaga etmagan bolalar oilada o`ta og`ir, qiyin va sharoitsiz ahvolda yashashadi. Shu bois maktabda o`zlashtirishlari past. Maktabimiz jamoasi tomonidan doimiy ko`mak beramiz. Ovqatlantiramiz, kiyintiramiz, darsliklaru o`quv-qurollari bilan ta`minlaymiz. Aqlli, esli-hushli bolalar. Ammo juda odamovi va hurkak. Chunki nosog`lom oila muhiti ularni ruhan cho`ktirgan. Deyarli har kuni oilasidan xabar olamiz. Afsuski, ona ichkilikka ruju qo`yib bo`lgan. Uni yo`ldan qaytara olmadik. Urinishlarimiz zoe ketdi.
Ota-onalar, maktab jamoasi, profilaktika inspektorlari ko`p yillardan buyon aka-ukaga yordam qo`lini cho`zib kelishgan. Mahalla ahli ham bunday ezgulikdan chetda turmagan, albatta.
— Eng achinarlisi, bolalarga olib berilgan qishki kiyim-boshlarni ham aroqxo`r ona sotib, ularni yupun qoldirgan, — deya so`zida davom etadi Roza Avdeeva.
Onasining surunkali ichishi etmagandek, ular bilan bir xonadonda yashab keladigan tog`asi hamda xolasi ham bolalar taqdiri bilan qiziqishmagan.
— Aroqxo`r onaning aybi va ehtiyotsizligi bilan bir necha yil avval ularning xonadonida katta yong`in sodir bo`ldi, — dedi mahalla fuqarolar yig`ini raisi Hasan Asadov. — Ikki xonali uy talafot ko`rdi. O`shanda bu xonadonda Andrey va Aleksandrdan tashqari, 2 yoshli Lyosha hamda 6 yoshli Afina ham ulg`ayayotgan edi. Yosh bolalarning hayoti yana xavf ostida qolishi mumkinligini anglab, Vasiylik va homiylik kengashi hamda huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda ular Mehribonlik uyiga joylashtirilgan edi. Afsuski, ayni paytda bu ikki nafar farzandining taqdiri ham onani mutlaqo qiziqtirmaydi.
Yarim tunda aroqxo`r onaning kaltaklashu xo`rlashlaridan bezgan norasida aka-ukalar uydan qochib, IIO FMB 3-son IIB HPBga murojaat qilishgan.
— Joriy yilning 10 fevral kuni bolalar oiladagi nosog`lom hayot tarzidan qiynalishayotganini, o`zlarini Mehribonlik uyiga joylashtirishlarini so`rab, murojaat qilishdi, — deydi Shahobiddin Rahmonov. — Shu o`rinda aytib o`tish joizki, mazkur nosog`lom oilada bolalar faqatgina onasi — Tatyana Zaimkina bilan emas, xolasi Anna Mallaeva hamda tog`asi Nikolay Zaimkin bilan ham birga yashashadi. Ushbu ikki shaxs sud qaroriga asosan, viloyat Narkologiya dispanseri alkogolizmni majburiy davolash muassasasida yotqizilgan. Nikolay Zaimkin esa turli jinoyatlar sodir etib, bir necha bor jazoni o`tab qaytgan. Ayni paytda ma`muriy nazoratda. Bunday oila muhitida yashash har qanday o`smir uchun og`ir. Bolalar o`z yaqin qarindoshlarining hamda onasining g`ayriijtimoiy harakatlari ta`sirida qolmaslik va bunday muhitdan xalos bo`lish uchun murojaat qilishga majbur bo`lishgan. Voyaga etmagan o`smirlarning ijtimoiy himoya so`rab kelishganini qanoatlantirish maqsadida amaliy chora belgilashimizga to`g`ri keldi. 11 fevral kuni huquq-tartibot idoralari vakillari ishtirokida yopiq sud majlisi o`tkazildi. Bolalarning onasi Tatyana Zaimkina roziligi hamda arizasiga ko`ra, o`g`illari Andrey Rahmatov va Aleksandr Zaimkin Buxoro viloyati IIB XRB voyaga etmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko`rsatish markaziga joylashtirildi.
Ushbu markazda bir necha kun ijtimoiy-huquqiy yordam ko`rsatilgan voyaga etmagan aka-ukalar bilan suhbatlashar ekanmiz, ular bir necha kundan buyon inspektor xodimlari qaramog`ida nosog`lom oiladan uzoqda tinch va xavotirsiz yashashayotganini bildirishdi.
— Uyda hech qachon tinchlik bo`lmagan, onam bizni doim uradi, kaltaklaydi, — deydi Andrey ko`ziga yosh olib. — Begona erkaklar uyga kelganda sovuqmi, issiqmi, qaramay, yarim kechasi bo`lsa ham ko`chaga haydaydi. Onamga qo`shilib ichgan xolam va tog`am ham men va ukamni doimiy baqirib, qo`rqitishadi. Ular bilan yashashni istamaymiz!

— Bu erda men maza qilib cho`mildim, shirinliklar, turli eguliklar berishdi, — xursandligidan iljayib kuladi Aleksandr. — Yap-yangi qishki kiyim-bosh va krossovkalar berishdi. Kechqurunlari yotog`imizga kirib, holimizdan xabar olishadi. Kelajakda men ham inspektor bo`lib, bolalarga mehribonlik qilaman.
Joriy yilning 15 fevral kuni Buxoro viloyati hokimligi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamda OAV vakillari sa`y-harakati bilan Vasiylik va homiylik kengashi qaroriga ko`ra, Andrey Rahmatov hamda Aleksandr Zaimkin Buxoro viloyati IIB XRB voyaga etmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko`rsatish markazidan Buxoro shahridagi 32-Mehribonlik uyiga o`tkazildi.

Bolalar shinam va ozoda xonalarga joylashtirilar ekan, sharoitu imkoniyatlardan mamnun ekanliklarini bildirishdi. Ular tahsilni Buxoro shahridagi 8-umumiy o`rta ta`lim maktabida davom ettirishadi.
Ma`lumot o`rnida: ayni paytda Buxoro shahrida tug`ilgan, voyaga etmagan Andrey Rahmatov va Aleksandr Zaimkin, shuningdek, onasining loqaydligi hamda e`tiborsizligi tufayli bugungi kunda Bolalar uyida tarbiyalanayotgan 3 yoshli Lyosha va 7 yoshli Afinaning taqdiriga ham befarq qaragan Tatyana Zaimkinaga nisbatan Buxoro shahar Vasiylik va homiylik kengashi tomonidan onalik huquqidan mahrum qilish bo`yicha hujjatlar to`planmoqda.






