AsosiyJamiyat

O`z farzandini o`ldirgan izboskanlik ona olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi

'O`z farzandini o`ldirgan izboskanlik ona olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi'ning rasmi

Jinoyat ishlari bo`yicha Andijon viloyat sudida 5 yoshli o`g`lini tarbiyalash maqsadida uning tanasini turli joylariga yog`och bo`lagi bilan urib, jarohat etkazgan Shaxnoza Valievaga nisbatan sud hukmi o`qildi, deb yozmoqda "Andijonnoma" muxbiri Umidjon MAMARASULOV.

Jinoyat ishlari bo`yicha Ulug`nor tuman sudining raisi Sardorbek Yusupovning ma`lum qilishicha, Sh. Valieva 2018 yilning 15 oktyabr kuni soat 15:00 lar chamasida o`zi istiqomat qilib kelayotgan Izboskan tumani, Manguberdi mahallasi, Baynalminal ko`chasida joylashgan xonadonida, voyaga etmagan o`g`li, hozirda marhum Z. Karimovni qaynonasi M. Valievani yashash xonadoniga borishiga to`sqinlik qilib hayotdan bevaqt ko`z yumishiga sabab bo`lgan.

Sud-tibbiyot ekspertiza byurosining xulosasiga ko`ra marhumda bosh teri ostiga qon quyilishi, ko`krak qafasi va qorin bo`shlig`i a`zolarini yopiq shikasti, o`pka, taloq a`zolarini kam qonligi, o`tkir yurak qon tomir hamda nafas etishmovchiligi, iyak, chap qo`l 2-3 barmoqlarida yirtilgan jaroxatlar, bosh tepa, o`ng-chap qo`l elka va bilaklarida, oyoq son boldirlarida ko`plab teri ostiga qon quyilishlari, bosh tepa, chap chakka, chap yuz, yuqori-pastki labida, iyak, bo`yin, ko`krak, qo`l-oyoqlarida ko`plab shilinmalar aniqlangan. Ushbu tan jarohatlar hayoti uchun xavfli bo`lgan «Og`ir» darajadagi tan jarohatlar turkumiga kirgani tufayli norasidani o`limi bilan sababiy bog`liq ekani ko`rsatilgan.

Sud-psixiatriya ekspertizasining xulosasiga ko`ra, Sh.Valieva jinoyat sodir etgan vaqtda ham, ekspertizadan o`tkazilayotgan vaqtda ham o`zining
xatti-harakatlarini idrok qilish, boshqarish va javob berish imkoniyatiga ega ekani ko`rsatilgan.

Sud majlisida so`roq qilingan sudlanuvchi aybiga qisman iqror va pushaymon ekanini bildirgan. Uning ma`lum qilishicha Sh.Valiev bilan 2012 yilda qonuniy nikohdan o`tib, turmushi davomida 2 nafar farzandli bo`lishgan. Shu sababli, 2015 yilda qurulishi tugallanmagan yangi chekka ko`chib o`tishib, o`sha erda yashay boshlashgan. 2018 yilning may oyida, turmush o`rtog`i ishlash maqsadida, Rossiya Federasiyasiga ketgan. Qurilish ishlarini yakunlash istagida qaynakalari Otabek hamda Quvonch Valievlarning kelganidan foydalangan o`g`li amakilari bilan qo`shni mahallada yashovchi buvisinikiga ketgan. Ertasi kuni o`g`lini olib kelish maqsadida borganida qaynonasi asossiz baxonalarni ro`kach qilib, kelgusida o`g`li bilan birga yashatmasligini aytib, haqorat qilganyu. Bundan g`azablangan Sh. Valieva qaytayotganida uyga borishga qarshilik qilgan farzandini qo`liga jaxl ustida daraxt novdasi bilan 2 marotaba urgan. Uyga kelganda o`g`li uxlagan. Uyg`onib yana buvisinikiga borishini aytib, qochib chiqib ketmoqchi bo`layotganda ochiq ayvondagi balandligi taxminan
1,5 metrni tashkil etgan zinadan bosh qismi bilan yiqilgan va xushini yo`qotgan. Avvaliga qo`shni mahallada yashovchi opasi U.Begmatovani chaqirib kelib, ikkisi birga farzandini yuziga suv sepishiga qaramay o`zgarish sezilmagani sababli, qo`shnisi Z.Rejapovni avtomashinasida shifoxonaga olib borishganida, tibbiy ko`rikdan o`tkazgan shifokor farzandini vafot etganini ma`lum qilgan. Farzandini urishiga turmush o`rtog`i va qaynonasining bir necha yil davomida o`tkazib kelgan ma`naviy zulmlari sabab bo`lganidan tashqari, o`g`lini ehtiyotsizligi natijasida bosh qismi bilan erga yiqilganini, uni yog`och taxta bilan urmagan bildirgan.

Sud, davlat ayblovchisi B.Fozilovning xulosasini, sudlanuvchi Sh.Valieva va jabrlanuvchi qonuniy vakili Sh.Valievning ko`rsatuvini, himoyachi K.Bakirov hamda ja`moat himoyachisi S.Abduraxmonovaning fikrini tinglab, jinoyat ishi hujjatlarini o`rganib chiqib, sudlanuvchining jinoyat sodir etganlikdagi aybi, uni o`z aybiga iqror shuningdek pushaymon ekanini bildirib, bergan ko`rsatuvidan tashqari, voqea joyini ko`zdan kechirish bayonnomasi, ko`rsatuvlarni hodisa sodir bo`lgan joyda tekshirish, ekspertiza xulosalari, foto suratlardan tashqari, ish bo`yicha to`plangan boshqa dalillar yig`indisi bilan ham o`z isbotini to`liq topgan deb hisoblaydi.

O`zbekiston Respublikasi JKning 10-moddasi, «Javobgarlikning muqarrarligi prinsipi» deb nomlanib, unga ko`ra, mazkur moddada, «Qilmishida jinoyat tarkibining mavjudligi aniqlangan har bir shaxs javobgarlikka tortilishi shart» deb ko`rsatilgan.

Sud majlisida so`roq qilingan Sh.Valieva, aybiga qisman iqror va pushaymon ekanini bildirib, ko`rsatuv bersa-da, biroq uning aybi sud majlisida tekshirilgan hamda to`plangan dalillar yig`indisi bilan ham o`z isbotini to`liq topdi.

Yuqoridagi Qonun talabidan kelib chiqib, sud sudlanuvchi Sh.Valievaning ko`rsatuviga huquqiy baho berib, uni aybini engillashtirish va tayinlanishi mumkin bo`lgan muqarrar jazodan qochish maqsadida o`ylab topilgan vajlar deb baholadi.

Sud Valieva Shaxnoza Baxromjon qizini Jinoyat Kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan aybdor deb topilib, JKning 50-moddasi talabi asosida, 6 yil muddatga ozodlikdan maxrum qilish jazosi tayinlandi.

    Boshqa yangiliklar