AsosiyJamiyat

Qoraqalpog`istonda xonadonlarga is gazi detektorlari o`rnatilmoqda

'Qoraqalpog`istonda xonadonlarga is gazi detektorlari o`rnatilmoqda'ning rasmi

Qoraqalpog`istonda xonadonlarga is gazi tarqalishida xabardor qiluvchi vosita — is gazi detektorlari o`rnatilmoqda. Bu haqda O`zA xabar berdi.

— Yangi turar joylar qurilishida qo`llashga mo`ljallangan is gazi tarqalishida xavfsizlikni ta`minlovchi qurilmalar keltirilmoqda, - deydi Qoraqalpog`iston Respublikasi IIV Yong`in xavfsizligi boshqarmasi boshlig`i Azamat Davletov. — Bu qurilma universal himoya vositasi bo`lib, yonuvchi metan, propan, butan va zaharli is gazlarini avtomatik tarzda aniqlab, belgilangan miqdori ortib ketgan taqdirda maxsus klapan orqali gazni tarmoqdan uzib qo`yadi. Natijada xonaga ortiqcha gaz to`planishiga yo`l quyilmaydi. Ushbu uskuna sizib chiqqan gaz xavfi bartaraf etilgunga qadar ogohlantiruvchi ovozli signal berib turadi. Qurilma elektr energiyasi bilan ishlaydi. Agar elektr ta`minoti uzilgan taqdirda, o`zidagi akkumulyator yordamida 24 soatgacha mustaqil, ya`ni elektr energiyasiz uzluksiz ishlashi mumkin.

Hududda amalga oshirilayotgan ushbu tadbir Prezidentning 2018 yil 12 dekabrdagi «Jismoniy va yuridik shaxslar mulkining qo`riqlanishini ta`minlash samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Qarorda 2022 yil 31 dekabrga qadar yangi turar joylar gazoanalizatorlar bilan jihozlanishi kerakligi ko`rsatilgan.

    Boshqa yangiliklar