Er-xotin janjali tufayli o`z farzandlarini belkurak bilan jarohatlagan otaga sud hukmi o`qildi, deb xabar bermoqda O`zA.
Ijtimoiy tarmoqlar hamda televidenie orqali Navoiy viloyati Xatirchi tumanida er-xotin janjali tufayli ota o`zining ikki norasida farzandini belkurak bilan urib, ularga og`ir tan jarohati etkazganligi haqida xabar va lavhalar tarqalgan edi.
Voqeaga oydinlik kiritadigan bo`lsak, A.Boliev (ism va familiyalar o`zgartirilgan) 2018 yil 29 oktyabr kuni soat 18:30 larda uyiga kelib, turmush o`rtog`i S.Jumaeva bilan otasi I.Boliev o`zaro gap talashayotganini ko`rib, turmush o`rtog`i bilan janjallashadi.
Shu vaqtda uning ikki nafar voyaga etmagan farzandi – 2014 yil tug`ilgan Farangiz va 2016 yil tug`ilgan Shohrux “onamni urmang”, deb onasining yoniga kelganida A.Boliev uyida turgan belkurakni olib, farzandlarining bosh qismiga bir marotabadan uradi va ularga hayoti uchun xavfli og`ir tan jarohati etkazadi.
Dastlab sud majlisida so`roq qilingan sudlanuvchi A.Boliev va uning himoyachisi e`lon qilingan aybga qisman iqrorlik bildirib, o`zining voyaga etmagan farzandlarini qasddan belkurak bilan urmaganligi, janjal vaqtida belkurak bexosdan bolalariga tegib ketganligi haqida ko`rsatma bergan.
Sudlanuvchi A.Boliev va himoyachisining mazkur jinoyat ehtiyotsizlik orqasida sodir etilganligi, uning farzandlariga tan jarohati etkazishga qasdi bo`lmaganligi to`g`risidagi vajlari javobgarlikni engillashtirish maqsadida o`ylab topilgan deb hisoblanib, sudlanuvchining dastlabki tergov davrida bergan – avval o`g`li Shohruxning boshiga, keyin esa qizi Farangizning ham boshiga qo`lida turgan belkurak bilan urganligi haqidagi ko`rsatmalari tufayli dalillar asosida sud tibbiy ekspertizasining xulosalari bilan to`liq rad etildi.
Shunday bo`lsa-da, yakunda jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy viloyat sudi raisining o`rinbosari Sh.Kamolov sudlanuvchi A. Bolievning o`z aybiga iqrorligi, qilmishidan pushaymonligini, turmush o`rtog`ining unga nisbatan davosi yo`qligi va voyaga etmagan ikki farzandi borligi kabi boshqa holatlarni e`tiborga olib, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi tegishli moddalari bilan besh yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, ikki yil sinov muddati belgilandi va sudlanuvchi A.Bolievga nisbatan qo`llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalida qamoqdan ozod etildi.






