Hukumat qarori bilan Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish, ulardan foydalanish va ularni qayta tiklash tartibi to`g`risida nizom tasdiqlandi. Bu haqida "Huquqiy axborot" kanali ma`lum qildi.
Nizomga muvofiq, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan, ularni favqulodda vaziyatlar sodir bo`lganda shoshilinch ravishda jalb etish maqsadida yaratiladi.
Favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun quyidagi turdagi moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari yaratiladi:
• idoraviy moddiy resurslar zaxiralari — 500 dan ortiq odamning hayot faoliyatini ta`minlash uchun;
• mahalliy moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari — eng kam oylik ish haqining kamida 1,0 ming barobaridan ko`pi bilan 5,0 ming barobarigacha bo`lgan miqdorda mahalliy favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va 100 dan kam bo`lmagan va lekin 500 dan ortiq bo`lmagan odamlarning hayot faoliyatini ta`minlash uchun;
• ob`ektning moddiy resurslar zaxiralari — lokal favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va 100 kishidan ortiq bo`lmagan odamlarning hayot faoliyatini ta`minlash uchun.
Ob`ektlarning moddiy resurslar zaxiralari fuqaro muhofazasi bo`yicha toifaga ega bo`lgan hamda xavfli ishlab chiqarish ob`ektlaridan foydalanuvchi tashkilotlarda majburiy tarzda, boshqa tashkilotlarda esa sodir bo`lishi mumkin bo`lgan favqulodda vaziyatlar xavfi va manbalarini hisobga olgan holda ushbu tashkilotlarning rahbarlari ixtiyoriga ko`ra yaratiladi.
Moddiy resurslar quyidagi holatlarda zaxiradan chiqariladi:
• favqulodda vaziyatni bartaraf etish uchun;
• harbiy harakatlar olib borish paytida yoki shu harakatlar oqibatida yuzaga keladigan xavflarni bartaraf etish uchun;
• ularni yangilash yoki almashtirish munosabati bilan.






