Jinoyat ishlari bo`yicha Yangiyo`l tuman sudining ochiq sud majlisida B.Ixtiyorovning jinoiy ishi ko`rib chiqildi, deb xabar bermoqda O`zA.
Keng jamoatchilik vakillari ishtirokidagi sayyor sud majlisida mazkur jinoyat ishiga doir dalillar o`rganilib, guvohlarning ko`rsatmalari tinglanmoqda. Bu vaqtda boshini quyi solgancha, sudning qora kursisiga tobora cho`kib borayotgan B.Ixtiyorovning ko`z o`ngidan o`sha kungi voqealar kino tasmasiday birin-ketin o`tdi.
...Bektemir o`sha kuni kechki payt ishdan chiqib, mashinasiga yoqilg`i quymoqchi bo`ldi. Uzumzor ko`chasidan Xon Radion ko`chasida joylashgan shoxobcha tomon shoshib harakatlanar ekan, yo`lning sirpanchiqligi, kamiga tirbandligi g`ashini keltirardi. Shunday bo`lsa-da, epchillik bilan boshqalardan o`zishga, manzilga tezroq etib borishga harakat qilardi.
Ulovini eldek uchirib, navbatdagi chorrahaga shiddat bilan yaqinlashar ekan, svetoforning yashil chirog`iga ko`zi tushdi. “Demak, yo`l ochiq. Ammo o`tib olishga ulguramanmi? Aftidan hozir sariq yonadi. To men etib borgunimga qadar yo`l yopilishi mumkin. Balki yopilmas, ulgurarman", – chamalardi u. Shu o`y bilan tavakkal qilib, chorrahadan o`tishga ahd qildi.
Tezlikni tobora oshirarkan, qarama-qarshi yo`nalishdagi mashinalar chirog`idan ko`zi qamashar, deyarli hech narsani ko`rmasdi. Bir payt mashinasiga nimadir qattiq urilib, old oynasi chilparchin bo`ldi.
Voqealar rivoji shu qadar tez ediki, u nimalar bo`lganini anglashga qiynalar, qattiq sarosimaga tushib qolgan edi. Shu tobda bilgani shu bo`ldiki, u hozirgina 2 nafar piyodani urib yubordi. Ular behush yotishibdi.
“Mashinani to`xtatib, ularga yordam berish kerak“, o`ylardi u. Boshqa tomondan “Yo`q, yo`q, zinhor to`xtab bo`lmaydi. To`xtadingmi tamom, seni ushlab, olib borib qamashadi. Ha, ha, qamashadi. Chunki hozirgina sen ikki odamni mashinangda urib yubording“, degan o`y va xayollar chalg`itardi uni.
Bu paytda Bektemirning xavotirli o`ylari, qo`rqoqligi ustun kelib, mashinani to`xtatmasdan tezroq ketishga ahd qildi. Yana mashinasini eldek uchirib, ovloq dala tomon yo`l oldi. Dalada biroz o`ziga kelgach, mashinani o`sha joyda qoldirib, uyiga yayov jo`nadi. Ertasi kuni bo`lgan voqeani avval uyidagilarga, keyin ichki ishlar xodimlariga aytdi...
Sud majlisida B.Ixtiyorovning qilmishi qattiq qoralandi. Axir, marhum X.Yo`ldoshev o`sha mash`um avariyadan olgan tan jarohatlari oqibatida oradan 8 kun o`tib, tuman tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo`limida hayotdan ko`z yumdi. U endigina 22 yoshni qarshi olgan edi. 3 nafar biri-biridan shirin jajji farzandlari otasiz qoldi. Yana bir yo`l transport hodisasi qurboni G`.Ziyamutdinov esa voqea joyida halok bo`ldi. Voholanki, ularga o`z vaqtida birinchi tibbiy yordam ko`rsatilganida hayoti saqlab qolinardi, ehtimol.
Sud B.Ixtiyorovni O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor, deb topdi. Unga nisbatan 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.






