Vetnamdagi fabrikalardan birining 28 yoshli ishchisi yarim yil davomida yiqqan puliga yaxshi ko`rgan qizi uchun Ayfon 6 sotib olmoqchi edi. Apple ning so`nggi modelini xarid qilish maqsadida u Singapurga keldi. Biroq do`kon xodimlari smartfon narxi ming dollarga qimmatlashganini aytishdi. Bu xabar xaridorga kutilmagan “zarba” bo`ldi.
Mirror nashrining yozishicha, vetnamlik Pan Van Tay ismli ishchining maoshi 200 dollardan oshmaydi. Sevgilisi uchun atayin smartfon olishga boshqa shaharga kelganda esa Mobile Air do`konidan noxush xabar eshitdi.
Sotuvchilar ushbu xaridorga smartfon uchun do`kon saytida e`lon qilingan 730 dollar narxdan tashqari, yana ming dollarni “kafolat xati”ga to`lashi kerakligini aytishdi. Vetnamlik aldanganini tushunib etgach, tizzasi bilan cho`kkalagan holda sotuvchilardan e`lon qilingan narx bo`yicha puli to`langan ayfonni berishlarini so`rab, yalina boshladi. Lekin ular bechora xaridor ustidan kuldilar xolos.
Chaqiruv bo`yicha kelgan polisiya ham xaridorga yordam berolmadi. Natijada, do`kon xodimlari vetnamlikka faqat 250 dollarni qaytib berishga rozi bo`lishdi. Biroq vetnamlik oshiqning hikoyasi hali yakuniga etmadi. Uning baxtiga sotuvchilardan smartfonni yolvorib so`ragan holati rolik sifatida yozib olinib, Internet tarmog`ida tez tarqab ketdi. Buni ko`rgan rahmdil singapurliklar yangi Iphone 6 uchun etadigan mablag` yig`ishni tashkillashtirishdi.
Tashkillashtiruvchilardan birining aytishicha, hozirda 12 ming dollarga yaqin mablag` yig`ilgan, bu nafaqat yangi telefonga, balki Singapurda yashash uchun ham etadi. “Biz xorijlikka o`z mehmondorchiligimizni namoyish etmoqchimiz va firibgarlar, o`g`rilar milllati emasmizligimizni isbotlamoqchimiz”, - deydi u.
Aniqlanishicha, Mobile Air do`koni shu kabi firibgarliklarga avval ham yo`l qo`ygan. Ayni vaqtda uning egasi qochqinlikda ekanligi xabar qilinmoqda.
Foto: mirror.co.uk





