Yoshlar madaniyat va san`at markazi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 14 avgustdagi "Yoshlar madaniyat va san`at markazi" faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida"gi 232-son qaroriga asosan tashkil etildi.
Iqtidorli yosh ijodkorlarning noyob iste`dodini ro`yobga chiqarish va ular faoliyatini tizimli ravishda keng targ`ib etish, turli tele, radio, internet loyihalarini tashkil etish, milliy ashula va musiqa merosi, zamonaviy milliy estrada va jahon san`ati durdonalari asosida yoshlarda yuksak badiiy didni shakllantirish maqsadida 2014 yil 10 noyabr kuni Yoshlar ijod saroyida Yoshlar madaniyat va san`at markazi va uning loyihalari taqdimot marosimi bo`lib o`tdi.
Markazning ochilish marosimida Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi, “O`zbeknavo” estrada birlashmasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari, shuningdek, ijodkor va iqtidorli yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar Yoshlar madaniyat va san`at markazi va uning loyihalari bilan tanishtirildi.
Markazning asosiy vazifalari umidli ijodkor va iqtidorli yoshlarni izlab topish, qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish hamda konsert, festival, ko`rik-tanlov va turli madaniy shou-tomosha tadbirlarini o`tkazishdan iborat.
Shuningdek, yoshlarni Vatanga muhabbat, mustaqillik g`oyalariga sadoqat va fidoyilik ruhida tarbiyalash, yurt ravnaqiga daxldorlik tuyg`usini mustahkamlash, ularning keng qamrovli bunyodkorlik va yaratuvchanlik jarayonidagi ishtirokini kengaytirishda madaniyat va san`atning rolini oshirish bo`yicha qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan.
Shu bilan birga, Yoshlar madaniyat va san`at markazi faoliyatining eng muhim jihatlaridan biri - madaniyat va san`at sohasida o`tkazilayotgan tanlov, festival va turli loyihalarning g`oliblari va yorqin ishtirokchilarining keyingi faoliyatini samarali tashkil etish hamda ular uchun ijodiy maydon yaratish, ilmiy-ijodiy simpozium, konferensiyalar, mahorat saboqlarini tashkil etish va o`tkazish hamda jahon xalqlari milliy musiqa va qo`shiqchilik san`atining noyob namunalarini keng targ`ib qilish xisoblanadi.
Ochilish marosimi davomida markazning loyihalaridan biri bo`lgan
“E`tirof-2014” tanlovining taqdirlash marosimi xaqida axborot berildi. Shuningdek, markaz tomonidan ilk bora tashkil etiladigan loyihalar - “Yil qo`shig`i”, “Kuyla, yoshligim”, “Ovoz” teleloyihalari, “Sen-iste`dodlisan”, “Bolalik olami” ko`rik-tanlov va festivallari haqida tadbir ishtirokchilariga batafsil ma`lumot berildi.