Yaqinda ish boshlagan mas`uliyati cheklangan jamiyatga rahbar bo`lgan Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi Miraziz (ismlar o`zgartirilgan) tovar olib beraman deya o`rtada vositachilik qilib, birovlardan katta miqdorda pul olar, keyin Alining to`nini Valiga kiygizib suvdan quruq chiqib yurar ekan, deb xabar bermoqda O`zbekiston Ichki ishlar vazirligining «Postda» gazetasi.
O`ziga yarasha obro`-e`tiborga ega To`lqin poytaxtdan chekkaroqda sotib olgan erida uy qurish maqsadida kerakli qurilish materiallarini xarid qilishga kirishdi. Sementni qaerdan sotib olishni o`ylab yurganida tanishi, tovar xomashyo birjasida ishlovchi Mahmud joniga oro kirdi. Faqat buning uchun sement to`g`ridan-to`g`ri uning o`ziga emas, qandaydir bir firmaga o`tkazilishi kerak ekan.
Shu bois Mahmud To`lqinga odamlarga vositachilik qiluvchi mas`uliyati cheklangan jamiyatni topib berdi. Jamiyat rahbari Miraziz bu taklifga bajonidil rozi bo`ldi. Faqat To`lqin mazkur MChJning hisob raqamiga oldindan belgilangan miqdordagi summani o`tkazishi lozim edi. U bu shartga ko`nib, 210 tonna sement uchun 62 million so`m naqd pulni Mahmud orqali Mirazizga topshirdi. Miraziz bu pulni tovar xomashyo birjasiga topshirishi, shunga ko`ra 210 tonna sement olinishi lozim edi.
Biroq oradan 1-2 oy o`tsa-da To`lqin zarur mahsulotni ololmadi. Mahmudga qo`ng`iroq qilsa, u Miraziz tegishli mablag`ni o`tkazmayotganini aytib, sement pul o`tkazilganidagina berilishini ma`lum qildi. Miraziz esa pul o`tkazishni ortga suraverib, oxiri ko`rinmay ketdi. To`lqin oxiri ichki ishlar idoralariga murojaat qilishdan boshqa chora topa olmadi.
Keyinroq aniqlanishicha, qallob fuqaro Keldiyorga tegishli 132 million so`mlik to`rtta havo purkovchi kompressorni o`zi rahbarlik qilayotgan MChJ orqali sotib berishini va`da berib, uni ham chuv tushirgan. Miraziz kompressorlarni ikki tomonlama shartnoma orqali «O`zelektrotarmoq» unitar korxonasiga sotadi. Tovar evaziga korxona birinchi to`lov sifatida MChJga 100 million so`m o`tkazib beradi. Lekin Miraziz bu pulni boshqa tashkilot va korxonalarga har xil tez sotiluvchi mahsulotlar uchun o`tkazib, o`zlashtirib yubordi.
«Ishbilarmon broker» ustidan qo`zg`atilgan jinoyat ishini ko`rib chiqish jarayonida Miraziz muqaddam sudlangani bois uch yilgacha rahbarlik qilishi mumkin bo`lmagani, MChJ ta`sischilaridan o`zining sudlanganini yashirib kelgani aniqlandi.
Endi u barcha qilmishlari uchun qonun oldida javob berishga majbur, deyiladi nashrda.