Aholining toza ichimlik suviga bo`lgan ehtiyojini qondirish maqsadida "Vaqf" xayriya jamoat fondi Surxondaryo viloyatida "Obi-hayot" nomli aksiya tashkil etdi.
Aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash maqsadida Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumani "Bog`i Obod", "Sebzor" va "Ehtirom" mahallalari aholisiga "Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan ko`mak ko`rsatilmoqda.
8 ming nafardan oshiq aholi yashovchi ushbu qishloqlarga "Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan toza ichimlik suvi tarmog`ini o`tkazish ishlari yakuniga etkazildi. Ushbu xayrli ishlarda mahallada yashovchi aholi ham faol ishtirok etdi.

Fond homiyligida ming metrlik quvurlar etkazib berilib, qazish va montaj ishlari faol tarzda tamomlandi.
Ushbu qishloqqa fazilatli ishlarni yakuni hamda suv inshootining ochilish marosimida "Vaqf" xayriya jamoat fondi boshqaruv rahbari Iskandar Xalilov ham qatnashdi. Ochilish marosimi Qur`on tilovati bilan boshlanib, ushbu xayrli ishlarda qatnashganlar, homiy tadbirkorlar, homiylik qilgan barchaning haqqiga duo qilindi.

Qishloq aholisi davlatimiz Rahbari hamda diniy idora rahbariyatiga ko`rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirib, ularning haqlariga duoi xayrlar qildilar.
Insonning chanqog`ini qondirish, suv chiqarish masalasida ko`plab hadislar keltirib o`tilgan bo`lib, ulardan olinadigan foydani to`g`ri anglagan inson bu ishlar qanchalik savobli ekanini anglaydi. Bir hadisda bunday deyiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: "Kim suv bor joyga suv chiqarsa, bir jonni ozod qilgandek bo`ladi, kim suv yo`q joyga suv chiqarsa, bir jonni tiriltirgandek bo`ladi" (Ibn Asokir rivoyati).
Bir kishining chanqog`ini qondirishning savobi ulkan, butun bir mahalla yoki qishloq ahlining ehtiyojini qondirish esa ulkan savoblarning yog`ilishiga sabab bo`ladi.







