Hozirda Rossiya Federasiyasida 25 000ga yaqin o`zbek o`quvchi-yoshlar ta`lim olmoqda va har yili ular soni o`rtacha 7500ga oshib bormoqda, deb xabar qildi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati.
Xabarda yozilishicha, ikki oy muqaddam Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Rossiya Federasiyasi Bosh ekspertiza markazi o`rtasida muzokaralar olib borilib, o`zaro hamkorlik to`g`risidagi memorandum imzolangan. Bunda O`zbekiston va Rossiya davlatlari o`rtasida nostrifikasiya jarayonlarida mavjud elektron ma`lumotlar bazalardan foydalanishga kelishib olindi, bu esa o`z navbatida mutaxassislar malakasini oshirish, seminarlar o`tkazish va Rossiya Federasiyasida tahsil olishni xohlagan yoshlarga keng imkoniyatlar yaratadi. Ushbu jarayonni yanada mustahkamlash maqsadida joriy yilning 19 fevral kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig`i U.Toshkenboev va Fan va ta`lim sohasini nazorat qilish federal xizmati huzuridagi Bosh ekspertiza markazining bosh tahlilchisi Vera Skorobagatova boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashuv tashkil etildi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Rossiya Federasiyasi Fan va ta`lim sohasini nazorat qilish federal xizmati mutaxassislari bilan birgalikda Rossiya Federasiyasi hukumati hamda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o`rtasida “Ta`lim hujjatlarini, malakaviy va ilmiy darajalarni o`zaro tan olish bo`yicha hukumatlararo Bitim” loyihasi ishlab chiqilib, ikki davlat Hukumatlariga taqdim qilingan.
“Ushbu bitimning imzolanishi ikki davlat o`rtasida ta`lim hujjatlarini to`g`ridan-to`g`ri tan olinishi, yoshlarning bilim olishidagi byurokratik to`siqlarni bartaraf etish (Rossiyada hujjatlarni nostrifikasiya qilish 45 kungacha vaqt oladi) va ularning har yili taxminan 800 000 AQSh dollari miqdordagi mablag`larini tejashni ta`minlaydi”, - deyiladi xabarda.
Ta`lim muassasalarini akkreditasiyasi bo`yicha tajriba almashilib, akkreditasiya jarayoniga ekspertlarni tanlab olish va jalb etishda Rossiya tajribasidan foydalanish, ikki mamlakat o`rtasida ekspertlarni o`zaro almashish orqali akkreditasiya jarayonlarini birgalikda o`tkazish hamda qo`shma akkreditasiyalangan oliy ta`lim muassasalari filiallari va qo`shma dasturlarini to`g`ridan-to`g`ri tan olish amaliyotini yo`lga qo`yish muhimligi ta`kidlangan.
Eslatib o`tamiz, avvalroq O`zbekistonda 2019 yil 1 martdan boshlab xorijiy davlatlarda berilgan ta`lim olganlik to`g`risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikasiya qilish (ekvivalentligini qayd etish) tartibi joriy etilishi haqida xabar qilgan edi.






