Joriy yilda Toshkent hayvonot bog`iga Moskva hayvonot bog`idan o`n turdagi hayvonlar olib kelinishi rejalashtirilgan. Vazirlar Mahkamasining “2016 – 2020 yillar davomida Toshkent hayvonot bog`ini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida”gi qaroriga asosan Toshkent hayvonot bog`i hududi kengaytirilib, Safari parki ochiladi. Yangi akvanarium binosi qurilib, bu erda dengiz hayvonlarining turlari ko`paytiriladi.
Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan Toshkent hayvonot bog`iga uyushtirilgan press-turda ma`lum qilindi, deb yozmoqda O`zA.
– Toshkent hayvonot bog`i 21,5 gektar maydonni egallagan, – deydi bog` direktori Bahodir Musaev. – Mazkur hayvonot bog`i 13 bo`limdan iborat. Bu erda 346 turdagi 10 mingdan ortiq hayvon mavjud. Bir yilda ushbu hayvonot bog`iga 650 mingga yaqin fuqaro tashrif buyuradi.
Ta`kidlanishicha, Toshkent hayvonot bog`i 2000 yildan boshlab nufuzli “EARAZA” – Evropa-Osiyo hayvonot bog`lari akvariumlarining hududiy assosiasiyasi a`zosi hisoblanadi. Mazkur hayvonot bog`i “EARAZA” orqali ko`plab xorijiy davlatlar hayvonot bog`lari bilan yaqin aloqa o`rnatib, hayvonlarni bepul manfaatli ayirboshlash hamda qimmatbaho ma`lumotlar olib turish imkoniga ega.
Bog` mutasaddilarining ma`lum qilishicha, 2016 yil 20 mayda Vazirlar Mahkamasining “2016 – 2020 yillar davomida Toshkent hayvonot bog`ini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida”gi qarori qabul qilingan. Qarorga ko`ra, Toshkent hayvonot bog`ini zamonaviy madaniy-tomosha va ilmiy-ma`rifiy davlat muassasasi sifatida rivojlantirish, hayvonot bog`i kolleksiyasini noyob hamda ekzotik hayvonlar bilan to`ldirilishi ta`minlanadi.
Hayvonlarni saqlash uchun qulay shart-sharoit yaratiladi. Shuningdek, hayvonot bog`i ob`ektlari qurish, ularni rekonstruksiya qilish va mukammal ta`mirlash hamda yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash bo`yicha xalqaro talablarga muvofiq jihozlash yo`li bilan hayvonot bog`i infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini takomillashtirish choralari ko`riladi.
Zoologik izlanishlar, laboratoriyalar, zoomuhandislikni rivojlantirish uchun zamonaviy ilmiy majmua tashkil etish yo`li bilan ilmiy-tadqiqot va seleksiya faoliyatini rivojlantirish ko`zda tutilgan. Bundan tashqari, hayvonlarni tutqunlikda sun`iy ko`paytirish, boshqa hayvonot bog`lari bilan hayvonlarni ayirboshlash, hayvonot bog`i genofondini saqlash, to`ldirish hamda yanada boyitish ishlari olib boriladi.






