AsosiyJamiyat

28 fevral kuni Oliy Majlis Senati bir qator qonunlarni ko`rib chiqadi

'28 fevral kuni Oliy Majlis Senati bir qator qonunlarni ko`rib chiqadi'ning rasmi

2019 yil 19 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo`lib o`tdi.Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati xabar berdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo`ldoshev olib bordi.

Kengash O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n sakkizinchi yalpi majlisini joriy yilning 28 fevral kuni Toshkent shahrida chaqirish to`g`risida qaror qabul qildi.

Senatning yalpi majlisi kun tartibiga olib borilayotgan demokratik islohotlar va o`zgarishlarning samaradorligini ta`minlashga, 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini ijro etishga qaratilgan O`zbekiston Respublikasining bir qator qonunlari kiritilgan.

“O`zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash to`g`risida”gi, “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to`g`risida”gi, “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan ma`muriy nazorat to`g`risida”gi qonunlar shular jumlasidandir. Shuningdek, senatorlar ayrim qonun hujjatlariga hukumat a`zolarining parlament oldidagi mas`uliyati kuchaytirilishi, ayrim davlat organlari va tashkilotlari faoliyati, jinoyat, jinoyat-prosessual va ma`muriy qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan, shuningdek, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasi qonunlarini ham ko`rib chiqadilar.

Shu bilan birga, yalpi majlisda Senat a`zolari O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo`yicha vakili (Ombudsman)ning 2018 yildagi faoliyati to`g`risidagi hisobotni, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018 yilda huquqiy targ`ibot va ma`rifatning holati haqidagi axborotini eshitadilar.

Yalpi majlisda Qashqadaryo viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti ham tinglanadi.

Senatorlar jismoniy shaxslarning ko`chmas mulk ob`ektlarini davlat ro`yxatidan o`tkazish, ularni soliqqa tortishga doir qonun hujjatlari ijrosi holati va bu sohada huquqni qo`llash amaliyoti, shuningdek, umumta`lim maktablari darsliklarining davlat ta`lim standartlari talablariga muvofiqligi yuzasidan hukumat a`zolariga parlament so`rovlari yuborish bilan bog`liq masalalarni muhokama qiladilar.

Yalpi majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatlariga kiradigan boshqa masalalar ham ko`rib chiqiladi.

Oliy Majlis Senati qo`mitalari va devonining o`n sakkizinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish uchun Kengash tomonidan ishchi guruh tuzildi.

    Boshqa yangiliklar