Giyohvandlik — aqldan ozish, murdadek yashash degani. Bugungi kunda asr vabosiga aylangan mazkur illat yoshlar o`rtasida kun sayin keng quloch yozib bormoqda. Agar giyohvand moddalar tarixiga nazar solsak, bundan 600 yil ilgari foydalanilgan. XIX asrga kelib, uning tarqalishi tezlashgan va og`riq qoldiruvchi sifatida ishlatilgan. XX asr boshlarida esa dunyoning ko`p davlatlarida aholi o`rtasida avj olib, kasallik sifatida namoyon bo`lgan. Bu giyohvand vositalari qo`shni Afg`onistonda etishtirilib, qayta ishlanib, zaruriy kimyoviy moddalar aralashmasi qo`shilib, qo`shni Qirg`iziston va Tojikiston Respublikalari orqali yashirin holda turli yo`llar bilan respublikamiz hududiga kirib kelmoqda. Buning oqibatida aholi, ayniqsa, yoshlar o`rtasida giyohvandlik illati ildiz otyapti.
O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida “Yoshlar — narkotik va giyohvandlikka qarshi” mavzusida davra suhbati o`tkazildi. Unda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O`zbekiston Respublikasi narkotik moddalar ustidan nazorat qilish Milliy Markazi, Yoshlarga ijtimoiy-psixologik xizmat ko`rsatish markazi, Toshkent shahridagi ta`lim muassasalaridagi yoshlar etakchilari, malakali psixologlar hamda faol yoshlar ishtirok etdi.
Muloqot davomida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar tahlil qilinib, salbiy illatlarning oldini olishda innovasion loyihalar hamda yoshlar bilan ushbu yo`nalishda individual ishlashning dolzarb vazifalari to`g`risida fikr-mulohazalar yuritildi. Shuningdek, yoshlarimiz o`rtasida narkotikka va giyohvandlikka qarshi samarali kurashishning innovasion yo`llari va vositalari haqida batafsil ma`lumotlar berildi.
— Bizga murojaat qilgan aksar ota-onalar farzandimni bu yo`lga kirganini sezmay qolganini aytishadi. Buni bilmay qolish mumkin emas, – deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi psixatriya va narkologiya kafedrasi mudiri Zarifjon Ashurov. — Psixotrop moddalarni qabul qilayotgan yoshlardagi birinchi belgi o`qishining pasayishi, turmush tarzi va kayfiyatidagi o`zgaruvchanlik holatlarida kuzatiladi. Keyingi alomati yuz va ko`zlarida qizarish, uyqusining almashishida bilinadi. Bu kasallikni davolashni qancha erta boshlasak, samarasi ham shuncha yaxshi bo`ladi. Davolashda to`g`ri yondashuv juda muhim. Bunda ota-ona va bemorning yaqinlari uni sog`lom hayotga qaytishiga umid uyg`ota olishi, jamiyatga qo`shilishiga ko`maklashishi lozim.
O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar IIBB, Jinoyat qidiruv boshqarmasi boshlig`ining o`rinbosari, polkovnik Sayfullo Axmedovning ta`kidlashicha, 2018 yil yakuniga qadar jami 989 ta jinoyat ishlari qo`zg`atilgan bo`lib, ushbu jinoyat ishlari bo`yicha
50 kilogrammdan ortiqroq turli xildagi giyohvand moddalari daliliy ashyo sifatida olingan. Shu yil boshidan hozirga qadar 121 ta giyohvandlik bilan bog`liq holatlar aniqlangan. Ularning har biri bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tadbir qatnashchilari yurtimizdagi yoshlar o`rtasida giyohvandlikka qarshi kurashish oyligi ish-rejasi bilan yaqindan tanishtirildi. Yoshlar hayotida ommaviy madaniyat ta`siri, giyohvand vositalarning tarqalishiga qarshi kurashish masalalari muhokama etilib, amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Shu bilan birga, psixotrop moddalar inson ruhiyatiga qattiq ta`sir etishi, uni tinchlantiruvchi modda sifatida asosan tibbiyotda qo`llanilishi haqida to`xtalib o`tildi. Psixotrop moddalarga sirasiga tramadol, lirika, baklasan, samnol, diazepam, sibazol, valium, fenazenam kabi dori vositalari kiritildi.
— O`zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Respublika narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo`yicha davlat komissiyasi a`zolari o`rtasida “Yoshlar orasida giyohvand vositalarning tarqalishiga qarshi kurash” tezkor profilaktik tadbirini o`tkazish bo`yicha qo`shma-reja tasdiqlandi. Bugun hamkorlik asosida mazkur davra suhbatini tashkil etdik – deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bosh mutaxassisi Sharofiddin Xonimov.
Suhbat yakunida ishtirokchilar o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Talaba yoshlar bilan oliy ta`lim muassasalarida jamoatchilik asosida “Mobil” va “Profilaktika” jamoatchilik guruhlarini shakllantirishga kelishib olindi.
— Hozirda Afg`onistondagi giyohvand moddalar zaxirasi butun dunyoni 10 yil davomida ta`minlashga etarli darajada ko`p, – deydi O`zbekiston Respublikasi narkotik moddalar ustidan nazorat qilish Milliy Markazi mas`ul xodimi Mirzaboy Utiniyazov. — Biz bu moddalarni yurtimizga kirib kelishini oldini olish uchun birlashib harakat qilyapmiz. Giyohvandlikka qarshi kurashish davomida tarkibida giyohvand moddalari bo`lgan o`simlik turlarini O`zbekistonga olib kirish va bu hududda o`stirish holatlarini nazoratga olganmiz. Giyohvandlarni o`z vaqtida aniqlab, ularni davolanishga jalb etyapmiz. Davlat chegaralari orqali giyohvand moddalarni olib o`tishga ham to`siq yaratilgan. Keyingi oldimizda turgan vazifalar yoshlarni giyohvandlikning ayanchli oqibatlaridan ogoh etishga qaratilgan profilaktik tadbirlar o`tkazish va bu illat ko`chasiga kirib qolganlarni sog`lom hayotga qaytarishdir.
Shahnoza Nurullaeva