Ayolning hiylasiga uchgan yigit

Mutolaa 20.02.2019, 17:30
Ayolning hiylasiga uchgan yigit

Shavkat oilada yolg`iz o`g`il farzand. Kollejni bitirgach shahar markazidagi bir to`yxonada mehnat qila boshladi. Tabiatan sodda, mehribon va saxiy yigit jamoada ham anchagina hurmat-e`tibor qozondi. Odatda o`ta ishonuvchanlik va soddalik ham insonga ziyon keltiradi. Ish joyidagi turmushidan ajrashgan bir farzandli yolg`iz ayolning nozu karashmalariga boshi aylanib, ayol makrining to`riga ilindi-qoldi.

Ko`r-ko`rona uyg`ongan “muhabbat” ularni yashirincha shar`iy nikoh o`qitishga undadi. Shavkatni holi-joniga qo`ymay, tezroq oila qurishga da`vat qilavergan Mohina shar`iy nikohni ham o`zi topgan “diniy ulamo” orqali o`qitdi.

Aslida uning maqsadi oila qurib baxtli bo`lishmidi? Asl maqsad yigitdan o`zining moddiy manfaatlari yo`lida foydalanish va mahallada o`zini erli juvon qilib ko`rsatgan holda turli mish-mishlardan xalos bo`lish edi. Shavkat Mohina bilan oila qurganini ota-onasidan sir tutish uchun o`z uyida tunar, surunkali ish qoldirib, Mohinaning uyiga mehmondek kelib-ketardi. Mohina erining yo`qligidan foydalanib, dugonasi Dilso`z bilan tunda vaqtichog`lik qilardi. Shavkatning xatti-harakatidagi o`zgarishlar onani o`ylantirib qo`ydi. Farzandini uning hamkasblaridan surishtirib, kalavaning uchini topdi. O`g`lining bu noma`qul ishidan dili xira tortdi.

Yaxshi gap bilan farzandining ko`ngliga qo`l soldi, hammasini to`g`ri tushuntirdi, yaxshi yo`lga boshladi. Shavkat endi voz kechay deganida ayolning ayyorona hiylalari fikrlarni chalkashtirib yuboraverdi. Shu zaylda olti oy o`tdi. Sodda yigitning ishonchiga kirib olgan Mohinaning o`rgangan ko`ngli o`rtanib qo`ymadi. Bir xil chehra, bir xil gap-so`zlardan zerikib qoldi chog`i yana qizchasini onasiga tashlab kunlab bedarak ketib qolaverdi. Qizidan xavotirlangan onasi kuyovidan Mohinani uyga topib kelishini iltimos qildi. O`zboshimchalik bilan tungi hayotga moslashib qolgan Mohina soxta erining tergashiga toqat qila olmadi. Borgan sari ularning munosabatlari sovuqlashib, ko`ngil masofalari yiroqlasha boshladi. Dilso`zning uyida yashab, begona erkaklar bilan tanishuvlar, uchrashuvlar va har kuni yangidan-yangi muhabbat hikoyalarini yarataverdi.

“Qing`ir ishning qiyig`i qirq yilda ham chiqar” deyishadi. Xotinining xiyonatidan xabar topgan yigit undan ortga qaytishini so`radi. Erining so`roviga pinagini ham buzmagan Mohina “Qo`lingdan kelganini qil, yoningga bormayman” deb jahl qildi. Shavkat endi Dilso`zga qo`ng`iroq qilib “Dugonangga ayt, agar hozir uyga kelmasa, qizini olib chiqib ketaman. Qaytganida, qizchani ham qaytaraman” – deydi. Shavkatning jahlini jilovlay olmay, irodasizlik qilgani holiga voy bo`ldi.

Yigitning tutgan yo`li ishbilarmon oyimchalarga juda qo`l kelib qoldi. Ular shu zahoti tuman IIBga bola o`g`irlangani haqida xabar berib, hammani oyoqqa turg`azdi. Maqsad Shavkatning ustidan qilingan shikoyatni qaytarib olish evaziga mo`maygina pulga ega chiqish edi. Ammo Mohinadan darak bo`lmagach yana u bilan bog`landi. Vaziyatdan xabar topib, qizchani sog`-salomat uyiga qaytardi. Ammo endi holat ancha og`ir. Unga nisbatan qo`zg`atilgan ish Jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tumani sudida ko`rib chiqildi. Ushbu holat bo`yicha huquqiy baho berilib, adolatli ish yuritildi.

Shavkatning yoshligi, muqaddam sudlanmagani, mahalla fuqarolar yig`ini va O`zbekiston yoshlar ittifoqi kafolat xati bergani, sudlanuvchining sudda faol ishtirok etgani hamda o`z ixtiyori bilan bolani onasiga qaytargani sabab unga 1 yil qamoq jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchi sud yakunida o`z ishidan pushaymonligi, qasddan bu jinoyatni sodir etmagani, aksincha rashk tufayli o`zining nazoratini yo`qotib qo`yganini ma`lum qildi. Shuningdek, Mohina bilan ham rishtalarni uzdi.

Sud hukmida fohishalik bilan shug`ullangan ayol, bunday qing`ir ishga imkon yaratib bergan shaxslar va ikki yoshning qonuniy nikohi qayd qilingani haqida guvohnomasi bo`lmasa-da, ularga shar`iy nikoh o`qilganlik holati bo`yicha tegishli mutasaddi organlarga taqdimnoma kiritilishi belgilandi.

– Haqiqatdan mazkur jinoyat bo`yicha to`plangan dalillar asosida jinoyat sodir etilgani o`z tasdig`ini topdi, – deydi Jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudi sudyasi Muso Yusupov. – Qonunda ushbu holatlardagi jinoyatlar bo`yicha 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilingan bir vaziyatda sodir etilgan jinoyat o`z turmush o`rtog`ini topish maqsadida qilingani hamda jabrlanuvchining da`vosi yo`qligi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi, mahalla fuqarolar yig`inining kafolatlari e`tiborga olindi va sud qonunda belgilangan jazoning eng kam muddatini belgiladi.

Hayotda o`z yo`lini topolmay, makkora ayolning hiylasiga uchgan yigit huquqiy madaniyatining pastligi, qonunni yaxshi bilmasligi va qiziqqonligidan bugun ota-onasi, yaqinlari mahalla-ko`y oldida boshi egik. Tarbiyali bo`lish, avvalo, inson aql-zakovatiga ham bog`liq. O`tkinchi hislarga berilib, o`t bilan o`ynashgan Shavkat o`z kelajagiga ham zarar etkazganini anglaganida kech bo`lgan edi.

Shahnoza Nurullaeva,

O`zbekiston yoshlar ittifoqi

“Yoshlar media markazi” bosh reportyori.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1