Tatyana Karimova O`zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov bilan ilk uchrashuvini xotirladi:
«Islom Abdug`anievich bilan 1970 yili Samarqandda, akasi Ibod G`anievichning uyida tanishganmiz. Uning rafiqasi Xayriniso Sultonovna mening ammavachcham edi. Men Samarqandda muhandislik-texnologiya fakultetida tahsil olib, talabalar yotoqxonasida istiqomat qilar, darsdan keyin ularnikiga tez-tez mehmonga borib turar edim. Ibod G`anievich oqko`ngil, aqlli va odamshinavanda inson, boz ustiga, yaxshi suhbatdosh ham edi», – deya o`sha kunlarni eslagan Tatyana Karimova.
Tatyana Akbarovna Islom Karimovni yangi yil arafasida uchratgan.
«Uni menga Ibod G`anievichning ukasi deb tanishtirishdi. Bu Islom Abdug`anievich edi. Birinchi uchrashuvimizda deyarli gaplashmadik. Qizlik idrokimda nedir kuchli taassurot qoldirganini eslolmayman. Men uchun u paytda Islom Abdug`anievich oq-qorani tanigan jiddiy bir odam, egachimning qaynisi edi.
Oradan bir necha oy o`tib, fevral oylarida biz yana Toshkentda ko`rishdik. Men Farg`onaga ta`tilga ketayotgan edim. Quvasoydagi qarindoshlarni yo`qlashga otlangan Xayriniso Sultonovna menga hamroh bo`ldi. Islom Abdug`anievich chipta olishda yordam berdi. Poytaxtda birrovga to`xtab o`tdik. Bu gal ham suhbatimiz uzoq davom etmadi», – deydi u.
Tatyana Karimovaning xotirlashicha, martning ettinchi kuni, ayni bayram arafasida, talabalar yotoqxonasiga uni so`rab bir yigit kelganini xabar qilishgandi.
«U kim ekani etti uxlab tushimga ham kirmagani rost. O`zimcha otam yo`llagan (ehtimol biror narsa berib yuborgandir) yoki oilamiz, xonadonimizga daxldor birovdir-da deb o`yladim. Chiqib ko`rdimki, meni yo`qlab kelgan odam Islom Abdug`anievich ekan. Meni sayr va suhbatga taklif qildi. Biz ilk bor yolg`iz o`zimiz ko`rishib turgan edik. Tabiat, ob-havo, o`qish haqida suhbatlashdik. Odatiy suhbat.
Lekin sayr asnosida Islom Abdug`anievich to`xtab, hech kutilmaganda «Menga turmushga chiqasizmi?» deb so`radi. Men, albatta, hayratdan qotib qolgan edim. Qanday izohlashni ham bilmayman, men shunday holga tushgan edim: aql vaziyatni hali to`liq anglab, baholab bo`lmasdan, qalb va yurak «ha» deya javob berib bo`lgan edi. Ko`ngil shubha-yu gumondan xoli kezlarda shunday bo`ladi. Men bu insonning kuchi, samimiyati, jozibasi, qat`iyati va nedir bir ohanrabosini sezgan bo`lsam kerak… Men «ha» deya javob berdim. Bari ana shunday kechgan edi. Bor-yo`g`i bir necha qisqa uchrashuv…», - deydi Tatyana Karimova.






