AsosiyShou-biznes

"O`zbekkino" badiiy kengashi tomonidan 3D o`lchamli yangi animasion film ko`rikdan o`tkazildi

Joriy yilda “Cinema-Market” kinostudiyasida ishlab chiqarilgan “Aqltoyning sarguzashtlari" 3D o`lchamdagi yangi animasion film “O`zbekkino” Milliy agentligi qoshidagi badiiy kengashning navbatdagi yig`ilishida muhokama qilindi.

10 noyabrda bo`lib o`tgan yig`ilishda mazkur multfilmda yangi animasion texnologiyalardan yaxshi foydalanilgani va u g`oyaviy-badiiy jihatdan ancha puxta ekanligi e`tirof etildi hamda juz`iy kamchiliklari tuzatilgandan so`ng, katta ekranga chiqarish tavsiya qilindi.

Animasion filmning ssenariy muallifi Muazzam Ibrohimova, Shahnoza Hakimova va Elmurod Shoyimqulov. Postanovkachi rejissyor va rassom Elmurod Shoyimqulov.

Shu bilan birga, agentlik badiiy kengashi “O`zbekfilm” kinostudiyasida tasvirga olingan “Bolalik sinovlari” badiiy filmining ish variantini ham ko`rikdan o`tkazishdi.

Filmning ovozlashtirilmagan varianti muhokamasi chog`ida bartaraf etilishi kerak bo`lgan kamchiliklar mavjudligi, ayniqsa, filmni ovozlashtirishda badiiy asosning  til va uslubini saqlab qolishga alohida e`tibor qaratish lozimligi qayd etildi. “Bolalik sinovlari” badiiy filmini kinorejissyor Hamidulla Hasanov yozuvchi Shukur Xolmirzaev hikoyalari motivlari hamda Mahmud To`ychiev, Sayyora Xolmirzaeva va  Hamidulla Hasanov ssenariysi asosida tasvirga olgan.

“O`zbekkino” MA matbuot xizmati bergan xabarga ko`ra, kartina kamchiliklardan tuzatilgach, qayta badiiy kengash ko`rigidan o`tkaziladi hamda yil oxiriga qadar yosh tomoshabinlar hukmiga havola etiladi.

manba:uz24.uz

    Boshqa yangiliklar