Soliq islohotlarini amalga oshirish jarayonida tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan soliq qonunchiligiga rioya etilishini profilaktika qilish maqsadida yalpi pasportlashtirish (ko`zdan kechirish hamda so`rov o`tkazish) tadbirlari o`tkazilmoqda. Bu haqda Davlat soliq qo`mitasining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi xabar berdi.
Ushbu tadbirlar xo`jalik sub`ektlarini tekshirish bilan umuman bog`liq bo`lmasdan, asosiy maqsad tadbirkorlarga soliq qonunchiligiga rioya etishlarida ko`mak va maslahat berishdan iborat.
Mazkur tadbirlar chog`ida ishbilarmonlik sub`ektlariga nisbatan hech qanday ma`muriy hamda moliyaviy jarimalar qo`llanilmaydi va mavjud tushunmovchiliklar hamda kamchiliklar hamkorlikda bartaraf etiladi.
Ularga davlat soliq xizmati organining 2 558 nafar xodimi jalb qilinib, dastlabki ikki kunda 19 032 ta ob`ekt ko`zdan kechirildi.
Natijada:
- mehnat shartnomasi tuzmasdan ishlayotgan 5 651 nafar fuqaro ijtimoiy himoyalanishlari uchun ish beruvchilar bilan munosabatlarini qonuniy rasmiylashtirishlari;
- 2 254 nafar jismoniy shaxs davlat ro`yxatidan o`tib, tadbirkorlik bilan shug`ullanishlari;
- 3 968 ta ob`ekt egalari ijara shartnomalarini davlat soliq inspeksiyalarida ro`yxatga qo`yishlari va 875 ta mol-mulk ob`ekti hamda er maydoni egalari mulkini kadastr idoralarida ro`yxatdan o`tkazishlari to`g`risida profilaktik suhbatlar o`tkazilib, ogohlantirishlar berilgan.






