O`zbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.Davletov Evropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo`yicha moliya, raqobatdoshlik va innovasiyalar bo`yicha Global amaliyot direktori Alfonso Garsiya Mora boshchiligidagi Jahon bankining delegasiyasi bilan uchrashdi.
Ma`lumot uchun: missiyaning maqsadi – “Institusional salohiyatni oshirishda texnik yordam” kreditini va yangi innovasion kreditni tayyorlash bo`yicha Jahon banki guruhining joriy va rejalashtirilgan ishlarini muhokama qilishdir.
Tomonlar O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksini, bank sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Mutaxassislarning fikriga ko`ra, mavjud huquqiy tartibga solish mexanizmlari va bozor iqtisodiyoti talablari o`rtasidagi mos kelmaslik – bozor iqtisodiyoti prinsiplarini to`liq amalga oshirishga to`sqinlik qiluvchi omillardan biridir. Investorlarning qarorlariga qonunlar va huquqni qo`llash amaliyoti bevosita ta`sir qiladi. O`zbekistonda bu yo`nalishda ko`plab ishlar amalga oshirilib, o`zgarishlar davom etmoqda.
Uchrashuv davomida 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishlari bo`yicha Harakatlar Strategiyasida fuqarolik qonunchiligini isloh qilish nazarda tutilganligi ta`kidlandi. Eng avvalo, bu – iqtisodiyotni erkinlashtirish, davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulkning ustuvor rolini oshirish va huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va teng sharoitlarni yaratish, investision muhitni yaxshilashdir.
R.Davletov mehmonlarga mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar va vazirlikning faoliyati, xususan, qonunchilik bazasini mustahkamlash va aholiga huquqiy xizmat ko`rsatish muassasalarini rivojlantirish bo`yicha tizimli va izchil chora-tadbirlar haqida ma`lumot berdi.
Vazirlikka dalat boshqaruvi samaradorligini tahlil qilish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qo`llashni o`rganish bo`yicha yangi vazifalar topshirildi.
Alfonso Garsiya Mora Adliya vazirligining faoliyati bilan yaxshiroq tanishish imkoniyati va qabul qilish uchun minnatdorchiliklarini izhor etdi.
U mamlakatda qonun ustuvorligi, adolat va inson huquqlarini himoya qilish sohasida ijobiy o`zgarishlar va islohotlarni ta`kidladi.
Uchrashuvdan so`ng, maqbul bo`ladigan va xayrixohlik muhitida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yo`lga qo`yish haqida kelishib oldilar.






