Toshkent viloyatida namunaviy loyiha asosida quriladigan uy-joylar bilan bog`liq hujjatlarni rasmiylashtirishda qator qonun buzilishi holatlari kuzatilgani aniqlandi, deb xabar bermoqda «Huquq» gazetasi.
Bunga «Ilhom Kapital» MChJ direktori Anvar Hoshimov (ism-familiyalar o`zgartirilgan) va «Media Progress» MChJ direktori Nozim Bahromovlarni misol keltirish mumkin. Bu jamiyat rahbarlari «Qishloqqurilishinvest» ixtisoslashtirilgan injiniring kompaniyasi Toshkent viloyati filiali tomonidan namunaviy uy-joy qurish yuzasidan o`tkazilgan tenderlarni o`zaro kelishuv va soxtakorlik yo`li bilan qo`lga kiritib kelganlar.
Xususan, «Ilhom Kapital» MChJ direktori Anvar Hoshimov «Qishloqqurilishinvest» ixtisoslashtirilgan injiniring kompaniyasi Toshkent viloyati filiali mansabdorlari va boshqa shaxslar bilan o`zaro jinoiy til biriktirib, Toshkent viloyati Qibray tumani, «Yangiobod» QFY «Alisherobod» massivida namunaviy loyiha asosida quriladigan 14 ta uy-joylarni qurilish ob`ekti uchun bosh pudratchi sifatida viloyat tanlov komissiyasining soxta yig`ilish bayonnomasiga ega bo`ladi.
Ana shunday soxta hujjatlar asnosida «Ilhom Kapital» MChJ va «Qishloqqurilishinvest» ixtisoslashtirilgan injiniring kompaniyasi Toshkent viloyati filiali o`rtasida jami 1 mlrd. 416 mln. 330 ming so`mlik shartnoma tuziladi. Belgilangan hududda qurilish ishlari boshlangach, «Ilhom Kapital» MChJ direktori A. Hoshimov qog`ozda qo`shib yozishni boshladi. Bunda bajarilgan ishlar to`g`risidagi ma`lumotnomalar, hisob-fakturalarga soxta ma`lumotlar kiritildi. Bu yozuvlar qog`ozda go`yoki issiq va sovuq suv, ichki pardozlash, eshik, hojatxona, pol singari ishlar uchunligi ko`rsatildi.
O`z navbatida, mazkur yozuvlar rasmiylashtirilishi orqasidan «Ilhom Kapital» MChJ hisob raqamiga 118 mln. 68 ming so`m mablag` kelib tushdi. A. Xoshimov bundan ilhomlanib, yana qalbaki bayonnoma bilan yuqoridagi manzilda 10 ta namunaviy loyihadagi uy-joyni 1 mlrd. 239 mln. 900 ming so`mga qurib topshirish sharti bilan g`olib bo`ldi.
Bu safar qurilish maydonida A. Hoshimov tomonidan haqiqatda 637 mln. 194 ming so`mlik ishlar bajarildi. Qo`shib yozish orqali esa 423 mln. 532 ming so`m mablag` o`zlashtirildi. Bundan tashqari, A. Hoshimov «Ilhom Kapital» MChJga «Media Progress» MChJ direktori N. Bahromov tomonidan go`yoki qurilish materiallari etkazib berilganligini ko`rsatib, 54 mln. so`m pul mablag`larini o`tkazib, o`zlashtirganliklari ham ma`lum bo`ldi. Sud A. Hoshimov va boshqalarga o`zining odilona hukmini o`qidi.





