Farzand dunyoga kelgach, onaning vazifasi unga g`amxo`rlik qilishdir. Bola to bog`cha yoshiga etguncha ayol boshqa ish qilishdan cheklanishi tabiiy. Bunday paytda oiladagi sharoitga qarab ona mahalla fuqarolar yig`inidan bola parvarishi uchun yordam puli olishi mumkinligi qonunchilikda belgilangan. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
Kam ta`minlangan oilalarga tayinlanadigan ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamning quyidagi turlari mavjud:
- 14 yoshgacha bolalari bo`lgan oilalarga nafaqa;
- bola ikki yoshga to`lgunga qadar bola parvarishi bo`yicha nafaqa;
- kam ta`minlangan oilalarga moddiy yordam.
Kam ta`minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to`lash tartibi to`g`risidagi nizomga muvofiq bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam 6 oy muddatga, bola parvarishi bo`yicha nafaqa esa – 12 oyga tayinlanadi, biroq bola ikki yoshga to`lgan oydan keyingi oyga o`tmasligi kerak.
Agar tug`ilgan, farzandlikka olingan yoki vasiylikka qabul qilingan ikki va undan ortiq bolalar parvarish qilinsa, u holda bola parvarishi bo`yicha nafaqa kichik bola ikki yoshga to`lgunga qadar bir baravar miqdorda to`lanadi.
Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo`yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to`lash to`g`risidagi qaror fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi – posyolka, qishloq va ovul, shuningdek shaharlarning mahallalari fuqarolar yig`ini yoki bunday qarorlarni qabul qilish uchun fuqarolar yig`ini tomonidan vakolat berilgan Komissiya tomonidan qabul qilinadi.
Ushbu Komissiya tarkibi kamida 15 kishidan iborat bo`lishi kerak.
Komissiya qarori, uning yig`ilishida tasdiqlangan tarkibning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etsa qonuniy hisoblanadi.
Fuqarolar yig`ini tomonidan ehtiyojmand deb e`tirof etilgan oila nafaqa yoki moddiy yordamning faqat bir turini olish huquqiga ega.
Nizomda 14 yoshgacha bo`lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida yashayotgan beva ayollar (beva erlar), nogiron bolasi (bolalari) bo`lgan oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo`yicha nafaqa va moddiy yordam olishda ustunlik huquqiga egaligi ko`rsatilgan.
Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo`yicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila a`zosiga o`rtacha oylik daromad 304 mingdan kam bo`lganda tayinlanadi.
Oila a`zosiga to`g`ri keladigan o`rtacha oylik jami daromad, bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo`yicha nafaqa yoki moddiy yordam olish uchun murojaat qilingan oydan oldingi oxirgi uch oy uchun hisoblab chiqilgan oilaning mehnatga layoqatli har bir a`zosining o`rtacha oylik daromadi summasini oila tarkibiga kiritiladigan oila a`zolari soniga bo`lingan holda aniqlanadi.
Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo`yicha nafaqa va moddiy yordam olish uchun oila tarkibiga:
- bolalarning otasi, onasi yoki nikohdagi har ikki ota-onasi (farzandlikka oluvchilar);
- ota-onalar bilan birga yashaydigan va ularning qaramog`ida bo`lgan bolalar, shuningdek ota-onalar bilan birgalikda yashaydigan va o`z oilalariga ega bo`lmagan 16 yoshdan katta yoshdagi bolalar (shu jumladan farzandlikka olingan bolalar);
- bolalarning ular bilan birgalikda yashaydigan bobolari va buvilari;
- bolalarning ota-onalari (farzandlikka oluvchilar) bilan birgalikda xo`jalik yurituvchi boshqa shaxslar kiritiladi.
Oilaning birgalikda yashovchi a`zolari tarkibi fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi tomonidan belgilanadi.
O`rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan oilaning jami daromadiga, oila a`zolari tomonidan olingan quyidagi daromadlar kiritiladi:
- mehnatga haq to`lash shaklidagi daromadlar;
- mulkiy daromadlar;
- yakka tartibdagi tadbirkorning daromadi;
- chet elda ishlaydigan yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan oila a`zolaridan pul tushumlari summasi;
- pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar;
- shaxsiy yordamchi (dehqon) xo`jaligini yuritishdan olingan daromad.
Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo`yicha nafaqa va moddiy yordam ariza beruvchining o`zini o`zi boshqarish organiga murojaat qilgan oyning keyingi oyidan boshlab to`lanadi.






