AsosiyJamiyat

Adashgan ayol va uning 3 nafar farzandi Vatanga qaytarildi

'Adashgan ayol va uning 3 nafar farzandi Vatanga qaytarildi'ning rasmi

Mamlakatimizda inson va uning manfaatlari oliy qadriyat sanaladi. Shu bois har bir fuqaro emin-erkin yashash huquqiga ega. Surxondaryo viloyati Termiz tumanida istiqomat qiluvchi Almurod To`raev ham 2 o`g`il, 2 qizni tarbiyalab, turmush o`rtog`i bilan tinch-totuv, baxtli hayot kechirib kelayotgan edi. Biroq o`g`illarining noqobil chiqishi ota boshini mahalla-ko`y, qarindosh-urug`, oshna-og`aynilar oldida xam qildi, deb yozadi O`zA.

1974 yilda hamda 1987 yilda tug`ilgan aka-uka Ilhom va Erkin To`raevlar 2011 yil Rossiya davlatiga ishlash uchun boradi. Afsuski, ular u erda “O`zbekiston islom harakati” xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo`shilib qolishadi va odamlarni yollash bilan shug`ullana boshlashadi. Shu orada Ilhom To`raev turmush o`rtog`i va farzandlarini ham yolg`on va`dalar bilan o`z yoniga chaqirib oladi. Ammo, Ilhomning qing`ir harakatlari uzoqqa cho`zilmadi. Tez orada u huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan qo`lga olinib, O`zbekistonga deportasiya qilindi.

Ilhom To`raev qo`lga olingan vaqtda uning ukasi Erkin Turkiyaning Istanbul shahrida qo`nim topib, Pokiston, Afg`oniston va Suriya davlatlaridagi “O`zbekiston islom harakati” va “Imom al-Buxoriy katibasi” xalqaro terroristik tashkilotlar safiga yangi a`zolarni yollash va jo`natish ishlari bilan shug`ullanib kelardi. Shundan so`ng Erkin 2013 yil akasining turmush o`rtog`i va farzandlarini Rossiyadan Turkiyaga chaqirib oladi va ularni ham o`zlarining safiga qo`shadi...

2019 yil Almurod To`raev uchun xayrli boshlandi. Sababi, to`ng`ich farzandi Ilhom To`raevning turmush o`rtog`i va 3 nafar voyaga etmagan farzandi Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining sa`y-harakatlari bilan Turkiya davlatidan O`zbekistonga qaytarildi. Bu quvonchli xabar 67 yoshni qarshilagan Almurod To`raevni ertangi kunga bo`lgan ishonchini qayta uyg`otdi.

– 2013 yil o`zga yurtlarga ketib, adashib diniy oqimlarga aralashib qoldim, – deydi Xolbibi Ko`chirova. – Istambul shahrida farzandlarim bilan ijarada qiynalib yashadim, bolalarimning hujjatlari yo`q edi, hech qaerga murojaat qilolmadim. 10 yoshli katta farzandim hujjati yo`qligi uchun maktabda o`qiy olmadi. Vatanga qaytgim kelardi, lekin qaytishni iloji bo`lmadi. Prezidentimizga ming rahmat, bizga shunday imkoniyatlar berdi. Mana bugun farzandlarim bilan o`z uyimda o`tiribman.

Almurod ota ham marhum turmush o`rtog`i bilan farzand dog`ida hayotning ko`p mashaqqatlarini chekdi. Kelini va nabiralarini ko`rishdan butunlay umidini uzgan bir mahalda, bu kun otaxon uchun esda qolarli bo`ldi. Shunday og`ir damda xalqimizga xos mehr-oqibat unga dalda bo`lganini gapirar ekan, ko`z yoshlarini tiyib turolmadi.

– Shuncha yillar davomida farzandlarim, nabiralarimni ko`rishni imkoni bo`lmasdan, mana shu azobda rahmatli ayolim bilan kutib yashadik, – deydi Almurod ota. – Bugungi xursandchilik ko`z yoshlariga etkazgan Yurtboshimizga ming rahmat. O`tgan yili farzandlarim dog`ida ayolim qazo qildi. Bir o`zim shu hovlida qoldim. Prezidentimizga yana bir karra rahmat.

Ha, otaxonning yuragidan otilib chiqayotgan bu gaplar har qanday insonning qalbini larzaga solishi, shubhasiz. Hozirda Ilhom To`raev Sherobod tumanida joylashgan manzilli koloniyada jazo muddatini o`tayapti va shu bilan birga, Jarqo`rg`on tumanidagi g`isht zavodida shartnoma asosida ishlab kelmoqda. Albatta, Ilhom davlatimizning uning oilasiga, farzandlariga ko`rsatgan bunday e`tibor va g`amxo`rligidan minnatdor.

– Hozir shunchalik hayajondamanki, uni so`z bilan ifodalab berolmayman, – deydi I.To`raev. – Prezidentimizning qaroriga asosan mana engillik bo`lib, oilam sog`-salomat uyga, bag`rimizga keldi. Shu ekstremistik tashkilotlar safiga qo`shilib qolganimdan ming-ming pushaymonman, ota-onam, yaqinlarimga aziyat etdi. O`zga yurtlardan kelolmay yurganlarga murojaat qilmoqchiman – qaytinglar, mana mening turmush o`rtog`im va farzandlarim sog`-salomat uyga, bag`rimizga kelishdi.

Xalqimizga xos kechirimlilik, mehr-oqibat va hamjihatlikning ko`rinishi bo`lgan bu kabi xayrli ishlar yurtimizda inson nomi va uning qadriga bo`lgan e`tiborning yorqin namunasidir.

    Boshqa yangiliklar