Forumning VIP ishtirokchilari jalb etilgan holda mahalliy va xorijiy OAV uchun matbuot anjumani o`tkazildi, deb xabar bermoqda O`zA.
Unda so`zga chiqqan tadbir tashkilotchilari xorijdan kelgan mehmonlar soniga aniqlik kiritishdi. Ma`lum bo`lishicha, forumda ishtirok etish uchun 34ta davlatdan 120 nafarga yaqin vakil kelishgan.
Buxoro viloyati hokimining turizm masalalari bo`yicha o`rinbosari B.Shahriyorov o`tgan yil davomida yurtimizga turistlar qaysi mavsumda ko`proq kelishgani, ularni ko`proq nimalar qiziqtirgani bo`yicha tahlil va kuzatuvlar olib borilgani haqida ma`lumot berdi. Unga ko`ra o`tgan yili Buxoroga kelgan sayyohlar qariyb 2,5 million nafarni tashkil etgan.
Forumni o`tkazish uchun nega aynan Buxoro tanlandi, O`zbekistonning boshqa viloyatlari ham bunga talabgor bo`lishi mumkin edi-ku, qabilidagi savollarga Turizmni rivojlantirish qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari v.b. U.Qosimxo`jaev javob qaytarar ekan, bunga Islom tashkiloti (ISESCO) tomonidan 2020 yilda Buxoro Islom madaniyati poytaxti bo`lishi haqidagi e`tirofi sabab bo`lganini qayd etdi. Kelgusida mazkur forum Samarqand va Xorazm viloyatlarida ham o`tkazilishi mo`ljallanmoqda.
Shu o`rinda qayd etish joiz, yurtimizda sayyohlar uchun maksimal qulay sharoitlarni yaratishga e`tibor qaratilmoqda. Xususan, dunyoning 45ta mamlakati vakillari O`zbekistonga vizasiz, 76ta davlat vakillari esa engillashtirilgan elektron viza bilan kelishlariga ruxsat berildi.
Ko`rilgan bu kabi choralar tufayli 2018 yilda kelayotgan sayyohlar oqimi 2017 yilga nisbatan 199 foizga oshdi. Tur dasturlarida Buxoro, Samarqand, Xiva va Toshkentdagi tarixiy maskanlarga tashrif buyurish, madaniy-ma`rifiy maskanlar, madrasa, maqbara va muzeylarga borish bilan bir qatorda tabiat maskanlariga sayohatlar ham tobora ommalashib bormoqda.






