Orol dengizining qurigan maydoniga saksovul ekish ishlari boshlanganiga ikki oy to`lmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan o`tgan yil dekabr oyida boshlangan keng ko`lamli tadbirlar samarasida joriy yil 18 fevral holatiga ko`ra, 917,2 ming gektar er maydoni ekishga tayyorlangan. Uning 363 ming gektariga saksovul urug`i ekilgan, deb yozmoqda O`zA.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshchiligida tuzilgan tezkor shtab tomonidan taqdim qilingan ma`lumotga ko`ra, tayyor urug`ni idishlarga joylashtirish, ekish maydonlarini tayyorlash, ekish va boshqa tadbirlarda jami 1 ming 560 kishi ishtirok etgan. Bu ishlarga 462 texnika va 2 samolyot jalb qilingan.
Samolyot yordamida 266 ming gektar maydonga saksovul urug`i sepilgan bo`lsa, traktor yordamida 96,5 ming gektar erga ekilgan. Bugungi kungacha 1 ming 321 tonnadan ortiq saksovul urug`i yig`ilgan. Uning 260 ming kilogrammdan ortig`i mahalliy aholi tomonidan yig`ilib, ularga mehnat haqi o`z vaqtida berib kelinmoqda. Hozirgi kunga qadar 4 milliard so`mdan ortiq pul mahalliy urug` yig`uvchilar mehnatiga to`langan.
– Orolning qurigan maydonini “yashil qoplama” bilan qoplash tadbiri yil bo`yi davom etadi, – deydi Qoraqalpog`iston Respublikasi O`rmon xo`jaligi davlat qo`mitasi raisi Uzaqbergen Utambetov. – Saksovul urug`ini kuz va qish oylarida ekkan ma`qul. Sababi, urug` qish bo`yi qor, yomg`ir suvi ostida yotadi va bahorda o`sib chiqishi uchun yaxshi imkoniyat yaratiladi. Hozirda asosan urug` ekish va ekin maydonlarini tayyorlash ishlari bilan bandmiz. Ekishga tayyorlangan maydonlarga darhol urug` sepish yoki ko`chat o`tqazish yaxshi samara bermaydi. Chunki tuproq sho`r, ekilgani bilan tuz o`ldirib tashlaydi. Shuning uchun ekish uchun qazilgan ariqlar ma`lum bir vaqt talab qiladi. U ariqlarga shamol yordamida unumdor tuproq kelib joylashganidan keyin ekish mumkin. Bahorda asosiy ishimiz ko`chat o`tqazish bo`ladi. Yozda pitomniklarda saksovul ko`chati etishtirish bilan band bo`lamiz. Kuzda yana urug` yig`ish va sepish ishlarini davom ettiramiz. Orolning qurigan maydonidagi saksovullar orasiga yovvoyi hayvonlar va chorva uchun ozuqabop ekinlar ham ekilmoqda. Dengizning qurigan maydonlarida 40 ta artezian qudug`i qaziladigan bo`ldi. Chuchuk suv chiqyapti. Bu kelajakda chorvachilikni rivojlantirish imkonini beradi, degani. Qator xorijiy va mahalliy hamkorlarimiz saksovullar orasiga dorivor giyohlar ekish ishlarini ham boshlamoqchi.
Joriy yilda dengizning qurigan maydonida 500 ming gektar “yashil qoplama” barpo etish rejalashtirilgan.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 fevraldagi “Orol dengizi tubidagi suvi qurigan hududlarda “yashil qoplamalar” – himoya o`rmonzorlari barpo etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga ko`ra, ko`tarilayotgan qum, tuz va chang zarrachalarining salbiy ta`sirini kamaytirish, ushbu hududlarda cho`l o`simliklaridan himoya o`rmonzorlari barpo qilishni samarali tashkil etish hamda global iqlim o`zgarishlari, Orol dengizi qurishining qishloq xo`jaligi rivojlanishi va aholining hayot faoliyatiga salbiy ta`sirini yumshatish maqsadida 2019 yilda amalga oshiriladigan tadbirlar uchun 100 milliard so`m ajratildi.
Ushbu qarorda belgilanishicha, bahor mavsumida 200 ming gektar, kuzda esa 300 ming gektar “yashil qoplama”lar tashkil qilinadi. Umuman, ushbu himoya o`rmonzorlarining 50 ming gektari ko`chatdan, 450 ming gektari urug`dan barpo qilinadi.