Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov o`zining Facebook‘dagi sahifasida Prezident Shavkat Mirziyoevning "Prezident maktablarini tashkil etish to`g`risida"gi Qarori yuzasidan o`z fikrlarini bildirdi.
"Prezident maktablarini tashkil etish bo`yicha kuni kecha qabul qilingan qaror yoshlarimiz orasida o`ziga xos iqtidorga ega bo`lganlari uchun kelgusida o`z iste`dodlarini namoyon etishga juda katta imkoniyatlar ochib beradi.
Bu jarayonni olmosni brilliantga aylanish jarayoniga o`xshatsa bo`ladi. E`tibor qaratilmasa, olmos ham oddiy toshga o`xshab qadrsizdek ko`rinishi mumkin, lekin haqiqiy ustasining qo`lida u juda qimmatbaho brilliantga aylanadi.
Hozirgi kunda, mamlakatimizning turli chekka erlarida yashayotgan yoshlar orasida iqtidorli o`quvchilarimiz ko`p. Prezident maktablarining maqsadi esa ana shunday o`ziga xos iqtidorli yoshlarni vaqtida tanlay olish va ularga yuqori malakali mutaxassislar tomonidan maqsadli ta`lim va tarbiya berilishidir.
Shu maqsadda, Prezident tomonidan qo`yilgan eng asosiy va eng qiyin vazifa ham aynan tanlov jarayonini xolis va to`g`ri tashkil qilishdir. Albatta, zamonaviy bino va o`quv jihozlar bilan ta`minlash, o`quv jarayonini yuqori saviyada tashkil etish ham juda muhim vazifadir. Lekin tanlov to`g`ri tashkil etilmas ekan, katta mablag` sarf qilinadigan bunday ishlarning ham samarasi yuqori bo`lmasligi aniq.
Tanlovni to`g`ri va xolis tashkil etish uchun nufuzli xorijiy hamkor tashkilotni jalb etish rejalashtirilgan va hozirda qator tashkilotlar bilan hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilinmoqda", - deydi vazir.






