O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “UNICON-SOFT” MChJ bilan hamkorlikda 2018 yilning avgust-oktyabr oylarida Ijro intizomini nazorat qilishning yagona tizimiga o`tish yuzasidan yangi zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari asosida yuqori turuvchi organlar tomonidan berilgan topshiriqlar, vazirlikka kelib tushayotgan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari va boshqa tashkilotlar bilan yozishmalar hisobini olish va ularning ijrosi yuzasidan doimiy monitoring qilib borish bo`yicha elektron dastur shakllantirildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 oktyabrdagi “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora tadbirlari to`g`risida”gi PQ-3962-sonli qarori ijrosi yuzasidan vazirlik va idoralar ichida birinchi bo`lib O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan vazirlik markaziy apparatining 2018 yil 1 noyabrdan boshlab barcha hujjatlar aylanmasi to`laligicha “mf.ijro.uz” tizimiga o`tkazish yo`lga qo`yildi.
Ayni damda Vazirlikda O`zbekiston Respublikasi Hisob palatasi hamda Adliya vazirligi bilan to`g`ridan-to`g`ri elektron hujjatlar aylanmasi yo`lga qo`yildi. Ijro etilgan hujjatlar haqidagi ma`lumotlar bir vaqtning o`zida “mf.ijro.uz” – Yagona idoralararo hujjatlar dasturi orqali O`zbekiston Respublikasi Hisob palatasi “ijro.gov.uz” bilan integrasiya qilindi.
Mazkur “mf.ijro.uz” yagona idoralararo hujjatlar dasturi tizimiga o`tishning quyidagi bir qator afzallik va qulayliklari mavjud, jumladan:
- mamlakatimizning istalgan joyidan turib O`zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Hukumatining topshiriqlari ijrosini so`zsiz ta`minlash va nazorat qilish;
- vazirlikka kelib tushayotgan barcha hujjatlar juda qisqa muddatda tegishli mutasaddi rahbar va ijrochilarga etkazilishi;
- kelib tushayotgan hujjatlar xodim tomonidan istalgan joyda tezkorlik bilan qabul qilinishi va ijrosini o`z vaqtida ta`minlash choralarini ko`rish imkonini berishi;
- vazirlikning www.mf.uz veb-sayti orqali elektron ravishda “PDF” formatda yuridik va jismoniy shaxslar bilan yozishmalar va murojaatlariga javob xatlarini yuklash, elektron arxiv bazasini yaratish.
Bundan tashqari, vazirlikda aloqa xizmatini yanada takomillashtirish maqsadida “RECEPTION” (71 203-15-51 IP Telefoniya) xizmati tashkil qilindi;
Moliya vazirligi shakllantirilgan Ishchi guruh tomonidan “mf.ijro.uz” dasturiy ta`minotining faoliyati bo`yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda takomillashtirish yuzasidan vazirlik tarkibiy bo`linmalari va tizim tashkilotlari takliflari asosida “UNICON-SOFT” MChJ mutaxassislari tomonidan tegishli o`zgartirishlar amalga oshirilmoqda va dastur tobora takomillashtirilmoqda.






