AsosiyJamiyat

Iqtidorli maktab bitiruvchilari oltin va kumush medallar bilan taqdirlanadi

'Iqtidorli maktab bitiruvchilari oltin va kumush medallar bilan taqdirlanadi 'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi «Umumiy o`rta ta`lim muassasalari va akademik liseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi to`g`risida nizom»ni tasdiqladi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Nizom umumiy o`rta ta`lim muassasalari, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablar, ixtisoslashtirilgan san`at va madaniyat maktab-internatlar, sport yo`nalishidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar hamda akademik liseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.

Oltin medal umumiy o`rta ta`lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to`g`risidagi a`lo darajali shahodatnomasi mavjud bo`lgan, umumiy o`rta ta`lim muassasalarining 10- va 11-sinflarida barcha fanlar bo`yicha yakuniy nazoratlar, chorak va yillik baholari a`lo bo`lgan yoki akademik liseylarning barcha kurslarida barcha fanlar bo`yicha yakuniy nazoratlar, yarim yillik va yillik baholari a`lo bo`lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko`rsatgan bitiruvchilarga beriladi.

Kumush medal umumiy o`rta ta`lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to`g`risidagi a`lo darajali shahodatnomasi mavjud bo`lgan, umumiy o`rta ta`lim muassasalarining 10- va 11-sinflarida yoki akademik liseylarning barcha kurslarida barcha fanlar bo`yicha yillik baholari a`lo bo`lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko`rsatgan bitiruvchilarga beriladi.

Namunali xulq-atvoriga ega hamda jamoat ishlarida faol bitiruvchilar ro`yxati ta`lim muassasasining ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari va amaliyotchi psixologi tomonidan tegishli o`quv yilining yakunida ta`lim muassasasining Pedagogik kengashiga kiritiladi.

Bitiruvchilarning namunali xulq-atvori ularning maktabning ichki tartib va odob-axloq qoidalariga doim rioya etishi, maktab formasiga rioya etishi, kattalarga hurmatda, kichiklarga izzatda bo`lishi bilan asoslanadi.

Bitiruvchilarning jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etishi ularning ta`lim muassasasi manfaati, uning sha`ni va nufuzi to`g`risida qayg`urganligi, ta`lim muassasasi rivoji uchun jonkuyarlik qilganligi, turli yo`nalishdagi tashkiliy tadbir va ko`rik-tanlovlarda faol ishtirok etishi bilan asoslanadi.

Ta`lim muassasasi direktorining o`quv ishlari bo`yicha o`rinbosari har yili 10 iyunga qadar:

• bitiruvchilarning baholarini, o`quv-tarbiya jarayoni bilan bog`liq hujjatlarni (sinf jurnali, baholar tabeli) o`rganadi;

• oltin va kumush medallar bilan taqdirlashga munosib bo`lgan bitiruvchilar ro`yxatini shakllantiradi;

• oltin va kumush medallar bilan taqdirlanadigan bitiruvchilar ro`yxatini ta`lim muassasasining Pedagogik kengashiga taqdim etadi.

Pedagogik kengash ushbu Nizomning 3- va 4-bandlarida belgilangan talablar asosida har yili 14 iyunga qadar bitiruvchilarni oltin yoki kumush medallar bilan taqdirlash to`g`risida qaror qabul qiladi.

Bitiruvchilarga oltin va kumush medallar mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi vakillari, bitiruvchilarning ota-onalari yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida ta`lim muassasasi direktori tomonidan har yili 15 iyunga qadar tantanali ravishda topshiriladi.

Nizom oltin va kumush medallarni tayyorlash va muassasalarga etkazib berish tartibini belgilab beradi.

    Boshqa yangiliklar